22:10 / 20.11.2017
8103

Kiberhujumga uchragan ayrim davlat organlari saytlari faoliyati sozlandi

20 noyabr kuni O‘zbekistondagi bir qator muassasalarning axborot resurslariga, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Davlat test markazi veb saytiga kiber hujumlar amalga oshirildi. 

Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Matbuot xizmatining Kun.uz'ga xabar qilishicha, jahon miqyosida ommaviy uyushtirilgan virtual hujumlar oqibatida turli mamlakatlarda 60 mingdan ziyod resurslar zararlangan. Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida, tegishli tashkilotlarning veb-saytlarining faoliyati qayta tiklandi.

UZINFOCOM Markazi hamda Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazlari hamkorligida hujum manbasini aniqlash hamda keyinchalik bu turdagi hujumlardan himoyalanish maqsadida, zararlangan resurslarning zahira nusxalarini yaratish yuzasidan ishlar amalga oshirildi.

Ayni paytda mazkur hujum oqibatlari to‘liq bartaraf etilgan, hozirda zararlangan axborot resurslari to‘laqonli rejimda ishlamoqda. Shuningdek, istiqbolda himoya choralarini ishlab chiqish uchun ushbu kiber hujumlarning uyushtirilishi sabablari hamda usullari yaqindan tadqiq qilinmoqda.

Mavzuga oid
Top