23:27 / 20.11.2017
46620

Mashhur hind aktrisasi “boshi uchun” 1,5 mln dollar taklif qilindi

Hindistonlik radikallar hind kinosi yulduzi Dipika Padukoni va Bollivudning taniqli rejissyori Sanjay Lila Bxansaliga yangi “Padmavati” filmi uchun rasvolarini chiqarish bilan tahdid qilishmoqda. Radikallarning fikricha, filmda tarix buzib ko‘rsatilgan.  

Foto: REUTERS/Youssef Boudlal Sanjay Lila Bxansali va Dipika Padukoni

Times of India’ning ma'lum qilishicha, film ijodkorlari (Viacom18 Motion Pictures kinokompaniyasi) noroziliklar va e'tirozlar sababli namoyishi 1 dekabrdan boshlanishi kerak bo‘lgan filmning ekranlarga chiqarilishini noma'lum muddatga qoldirishga majbur bo‘ldilar.

Padukoni “Padmavati” filmida bosh rolni ijro etgan. Film 14-asrda dehlilik sulton Oloviddin Hiljiy Mevar knyazligini qamal qilishi haqidagi o‘rta asrlar afsonasiga asoslangan. Film syujyetiga ko‘ra, sulton agar unga knyazlikning Padmavati ismli qirolichasi topshirilsa, unda hech kimga tegmaslikka va'da beradi. Biroq go‘zalligi bilan nom taratgan qirolicha bunday isnoddan ko‘ra o‘limni afzal ko‘radi va o‘ziga o‘t qo‘yadi.

Film mualliflari versiyasiga ko‘ra, sulton qirolichani haqiqatda sevib qoladi. Millatchilarning ta'kidlashicha, filmda qirolicha yomon tomondan ko‘rsatilib va fojiali voqea muhabbat qissasiga aylantirilib, tarix buzib ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, filmda ishqiy sahnalar borligi haqidagi gaplar ham paydo bo‘lgan. Shu sababli Mevar knyazligi joylashgan Radjaston shtati va boshqa hududlarda filmning namoyishiga qarshi noroziliklar boshlangan.

“Shri Radjput Karni Sena” tashkiloti millatchilari agar film namoyishga chiqsa, uning rejissyorini o‘ldirishga va aktrisaning yuzini rasvo qilishga tayyorliklarini aytishgan. Bir qator millatchilar rejissyor va aktrisani o‘ldirganlarga mukofot puli va'da qilishgan. Jumladan, hukmron “Bxaratiya janata parti” a'zosi Xaryan Suraj Pal Amu rejissyor va aktrisaning "boshlari"ga 100 mln rupiy (1,5 mln dollar) va'da qilgan. Partiya rahbariyati Amuning ushbu qilmishini qoralagan va undan uzr so‘rashni talab qilgan.

Film ijodkorlari uning ekranlarga chiqarilishini ortga surgan holda unga tegishli tuzatishlar kiritib, ehtiroslarni bostirishga muvaffaq bo‘lishmoqchi. Rejissyorning aytishicha, filmni tanqid qilayotganlar uni hattoki ko‘rmay va u nima haqida ekanligini bilmay turib, turli mish-mishlar tarqatganlar.

Top