O‘zbekiston | 10:40 / 20.11.2017
20717
5 daqiqa o‘qiladi

Musulmonlar idorasi Qur'on kurslariga qabullar nima uchun amalga oshirilmayotganini izohladi

2017 yil 20 noyabrdan 4 kun mobaynida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi tomonidan belgilangan 9 ta o‘rta maxsus bilim yurti va 2 ta oliy ta'lim maskanida «Qur'oni karim va tajvid» hamda «Arab tili» fanlari bo‘yicha pulli o‘quv kurslari uchun hujjatlarni qabul qilish boshlanishi kerak edi. Ammo, o‘quvchilarimiz tomonidan kelgan ma'lumotlarda hujjatlar qabul qilinmayotgani, ayrim o‘rta maxsus bilim yurtlari vakillari, bunday kurslardan xabarlari yo‘qligini aytishgani, boshqalari Musulmonlar idorasi qarori va o‘quv kursini tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom* hali kelmaganini aytishgan. 

KUN.UZ muxbiri shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Ko‘kaldosh madrasasiga qo‘ng‘iroq qildi. Madrasa vakili o‘quv kursini tashkil etish bo‘yicha Nizom kelmagani, ushbu hujjat bo‘lmasa, qabul jarayoni qanday bo‘lishi noma'lum qolishi sababli fuqarolardan hujjatlarni qabul qila olmasliklarini, qolaversa, «Qur'oni karim va tajvid» hamda «Arab tili» fanlari bo‘yicha pulli o‘quv kurslari tashkil etish to‘g‘risidagi qaror matni ayti vaqtda Muslim.uz saytidan ham olib tashlanganini ta'kidladi. 

KUN.UZ masalaga izoh so‘rab O‘zbekiston Musulmonlar idorasi bilan bog‘landi. Idoraning Ta'lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri Jamoliddin Nuriddinovga ko‘ra, mazkur o‘quv kurslari bo‘yicha Nizom hali tayyor bo‘lmagani sababli hujjatlarni qabul qilish vaqtincha amalga oshirilmayapti. Nuriddinovning aytishicha, Nizom tayyor bo‘lib, idoraning rasmiy saytida xabar chiqmaguncha hech qanday izoh va sharh berishning hojati yo‘q. Qolaversa, uning da'vo qilishicha, Qur'on kurslari haqidagi qaror haqida KUN.UZ jar solmaganida odamlar bugungidek sarson bo‘lmas ekan. “Shuning uchun ham, bugungi tushunmovchilikka izoh berish, biror narsa yozish kerak emas. 1-2 kunda saytda rasmiy xabar chiqadi”, - dedi Nuriddinov.

Ma'lumki, KUN.UZ tahririyati O‘zbekiston Musulmonlari idorasining mazkur qarori yuzasidan bir necha xabar bergan edi. Bu xabarlar shunchaki to‘qib chiqarilgan emas, balki so‘rab-surishtirilgandan keyin, rasmiy Idora vakillari bilan bog‘lanilganidan so‘ng, e'lon qilingandi. 

O‘zbekiston ma'had va madrasalarida Qur'oni Karim kurslari ochish bo‘yicha qaror qabul qilindi

«Qur'oni karim va tajvid» hamda «Arab tili» darslari qayerlarda o‘qitiladi?

Shu o‘rinda aytish joizki, o‘zbek xalqi hech narsani anglamaydigan xalq emaski, unga biror muammo, yoki vaqt yetmaganligi tufayli amalga oshishi kechikayotgan ish yuzasidan tushuntirish berilsa, tushunmaydigan. Aksincha, har bir narsani yaxshilikka, xayrga yo‘yadigan xalqki, Nizom ishlab chiqilishi va uning qabul qilinishi biroz kechikmoqda, deya izoh berilsa, olam guliston, sarson bo‘lib, tong sahar kelganlar ham shuncha kunning biri, Nizom ham bir-ikki kunda qabul qilinib qoladi, degan umid bilan qaytadi.

Uzoq yillar kutilgan xushxabar ijrosiga yana bir necha kun kutib turish hech kimga qiyin bo‘lmaydi, faqatgina... tashkilotlar, rasmiy idoralar jamiyat oldidagi ma'suliyatni his qilgan holda biror o‘zgarish ro‘y bersa, bu haqda o‘z vaqtida jamoatchilikka xabar berib tursa nur ustiga nur bo‘lar edi. Xususan, 20 noyabrdan qabul bo‘lmasligi, Nizom tayyor emasligi, kamida 17-18 noyabrda ma'lum bo‘lgani shubhasiz. Musulmonlar idorasi o‘z saytiga buni izohlab ma'lumot qo‘yganida, keng ommani bundan o‘z vaqtida xabardor etish mumkin bo‘lar edi. Necha o‘nlab fuqaro (ular orasida yoshi 70 ni qoralab qolganlar ham borligi quvonarlidir) sarson bo‘lmas, tushunmovchiliklarga o‘rin qolmas edi. Zero bugungi kunda ko‘pchilik ma'lumotni gazeta yoki TV dan emas, aynan Internet saytlaridan, ijtimoiy tarmoqlardan olayotgani hech kimga sir emas.
 
*Nizomda o‘quv kurslarining tashkil etilishi, uning huquqiy maqomi, davomiyligi, hujjatlarni qabul qilish shartlari va boshqa me'yorlar huquqiy jihatdan belgilangan bo‘ladi.  

Mavzuga oid