O‘zbekiston | 14:50 / 20.11.2017
41124
3 daqiqa o‘qiladi

Paxtaga chiqmagani uchun ishdan haydalgan xodimlar ishga tiklandi

Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi «Uzun paxta tozalash zavodi» AJ xodimlari joriy yilda paxta yig‘im terimida ishtirok etish uchun Jizzax viloyatiga olib kelingan. Bu haqda «Kun.uz»ning ishonchli manbasi ma'lum qildi.

Korxonaning 11 nafar xodimi paxta yig‘im terimida ishtirok etmagani, ya'ni Jizzax viloyatiga bormagani sababli korxona ichki mehnat intizomi qoidalarini qo‘pol ravishda buzishda ayblanib, shu yilning 13 oktabrida ish beruvchining tashabbusi bilan bir tomonlama ishdan bo‘shatilgan (mehnat shartnomasi bekor qilingan).

Ma'lum bo‘lishicha, xodimlar kasaba uyushmalariga shikoyat yo‘llagan. Mazkur shikoyat joyida o‘rganilgan va xodimlarning ishdan chetlashtirilishi bilan bog‘liq jarayon g‘ayriqonuniy ravishda rasmiylashtirilgani aniqlangan. Shundan so‘ng, kasaba uyushmalari kiritgan xat asosida «Uzun paxta tozalash zavodi» AJ direktori o‘z buyrug‘iga ko‘ra barcha xodimlarni oradan roppa-rosa 1 oy vaqt o‘tib, avvalgi ish joylariga tiklangan.

Xodimlarga bo‘sh yurgan vaqtlari uchun ularning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida kompensatsiya to‘lab berilgan. 

Shuni ta'kidlash lozimki, paxta yig‘im terimida ishtirok etish barcha uchun ixtiyoriy bo‘lib, amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra biror bir korxona xodimi paxta yig‘im terimida ishtirok etmasa, unga nisbatan shu korxonaning ichki mehnat intizomini buzganlik vaji bilan jazo qo‘llanilishi mumkin emas.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi va Xalqaro Mehnat Tashkilotining Konventsiyalari talablariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnat taqiqlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mehnatga biron bir shaklda ma'muriy tarzda majburlov ma'muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Ya'ni MJtKning 51-moddasiga ko‘ra (Mehnatga ma'muriy tarzda majburlov) mehnatga biron bir shaklda ma'muriy tarzda majburlov (qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda) - eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid