12:40 / 21.11.2017
25244

Prezident hunarmandlarga qator imtiyozlar taqdim etdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e'lon qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar respublikada milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san'atini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi: 

birinchidan, hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar va oilalar, ayniqsa, yangitdan o‘z faoliyatini boshlagan hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, «Usta-shogird» maktablari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, va shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish; 

ikkinchidan, hunarmandchilik sub'yektlariga davlat ro‘yxatidan o‘tishda ko‘maklashish, ularga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, ularni asbob-uskunalar, jihozlar, xomashyo va materiallar bilan uzluksiz ta'minlash, ularga imtiyozli kreditlar berish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

uchinchidan, xalq hunarmandchiligi va ijodiy an'analari keng rivojlangan shahar va tumanlarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tashkil etish, hunarmandchilikning noyob turlarini qayta tiklash va yanada rivojlantirish, iste'molchilarga hunarmandchilik mahsulotlari yetkazib berish uchun bozor infratuzilmasini shakllantirish; 

to‘rtinchidan, hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishni rag‘batlantirish, xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda milliy hunarmandchilik mahsulotlarini taqdimot qilishga ko‘maklashish. 

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va «Hunarmand» uyushmasining quyidagi takliflari qabul qilindi: 

“Hunarmand” uyushmasini O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga uyushgan a'zo sifatida a'zolik badali to‘lovisiz kiritish; 

“Hunarmand” uyushmasi raisini mavqei bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosariga, “Hunarmand” uyushmasining hududiy boshqarma boshlig‘ini O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosariga tenglashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi tuman va shahar Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazlari tomonidan hunarmandlarga o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga ko‘maklashishi bo‘yicha so‘zsiz ravishda xizmatlar ko‘rsatish, jumladan o‘z biznesini tashkil etish va rivojlantirish ko‘nikmalariga o‘rgatish, hunarmandchilik sub'yektlari huquqlarini himoya qilish, yangitdan o‘z faoliyatini boshlayotgan hunarmandchilik sub'yektlariga ko‘rgazmalar tashkil etishni nazarda tutish. 

2017 yilning 1 dekabridan boshlab hunarmandchilik sub'yektlari – “Hunarmand” uyushmasining a'zolari: 

hunarmandchilik faoliyati mahsulotlari (tovar, ish, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotishda qat'iy belgilangan soliqdan ozod etilishi; 

yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ozod etilishi; 

qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘lashi belgilab qo‘yildi. 

Hunarmandchilik faoliyati sub'yektlari – “Hunarmand” uyushmasi a'zolariga imtiyozli mikrokreditlar berish, shuningdek, 5-ilovadagi sxemaga muvofiq hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari qurish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankining O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 5 yil muddatga mo‘ljallangan jami 50 million AQSh dollari miqdorida, jumladan “Mikrokreditbank” ATB, “Xalq banki” ATB va “Agrobank” ATB uchun 2 yil imtiyozli davr bilan 2,5 foizli yillik stavka bo‘yicha kredit liniyasi ochish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bir oy muddatda yuqorida qayd etilgan tijorat banklariga ular tomonidan hunarmandchilik faoliyati sub'yektlariga milliy valyutada imtiyozli mikrokreditlar ajratish uchun kredit liniyalari ochishni quyidagi shartlarda ta'minlaydi: 

imtiyozli mikrokreditlar olti oy imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, ikki yil muddatga, eng kam oylik ish xaqining 300 barobaridan oshmasligi zarur; 

o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna va ehtiyot qismlar xarid qilishda imtiyozli mikrokreditlarning foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizini, aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun esa O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish foiz stavkasi darajasini tashkil etishi; 

imtiyozli mikrokreditlar pul mablag‘larini qarz oluvchining ssuda hisobraqamidan uning to‘lov topshiriqnomasiga muvofiq, ushbu Farmonda nazarda tutilgan maqsadlar uchun tegishli tashkilot yoki jismoniy shaxsning talabi bo‘yicha depozit hisobraqamiga o‘tkazish yo‘li bilan keyinchalik ushbu tashkilot yoki jismoniy shaxsga xizmat ko‘rsatuvchi bank tarif siyosatiga muvofiq, naqd pul olish imkoniyati bilan taqdim etiladi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tashabbuskorlar va tijorat banklarining kredit mablag‘larini jalb etgan holda, 6-ilovadagi ro‘yxatga muvofiq, 2018-2019 yillarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini o‘z vaqtida qurish va foydalanishga topshirishni quyidagilarga e'tiborni qaratgan holda ta'minlaydi: 

hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tarixiy-an'anaviy arxitektura uslubida qurish, ularga zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini tortib borish va hududlarida karvonsaroy (mehmonxonalar), kafe, restoran va turistlarni jalb etish uchun boshqa obektlarni joylashtirish; 

hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari hududida “tarixiy sharq bozori” uslubida savdo rastalari va xalq ijodi (dorboz, polvon, masxarabozlar va boshqalar) ko‘rgazmalari uchun maxsus joylar ajratish; 

mazkur markazlarda qurilayotgan turar joy binolarining birinchi qavatida ustaxona va savdo inshootlari, yuqori qavatlarida hunarmandlar uchun turar joylar tashkil etish. 

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi: 

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentabrdagi “Aholining kam ta'minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3268-son qarori bilan tasdiqlangan miqdorda 2017-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan hunarmandchilikda aholi bandligini oshirishga imtiyozli mikrokreditlar ajratish uchun “Mikrokreditbank” ATBga yillik 2 foizli stavka bo‘yicha 50 milliard so‘m miqdorida resurslar ajratilishini; 

band bo‘lmagan aholiga, ayniqsa, yoshlarga “Usta-shogird” usulida takomillashtirilgan o‘quv dasturlari bo‘yicha hunarmandchilik sir-asrorlarini o‘qitish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 2018-2019 yillarda 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar ajratishni ta'minlaydi. 

Belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi, shuningdek, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar “Hunarmand” uyushmasiga a'zo bo‘lgan va mazkur Farmonning 1-ilovasiga muvofiq hunarmandchilik faoliyatini amalga oshiruvchilarga beriladi. 

Belgilab qo‘yilishicha: 

“Hunarmand” uyushmasiga a'zo hunarmandlarga kasb-hunar kollejlarining maxsus ustaxonalarida hunarmandchilik bo‘yicha ta'lim berishda yakka tartibdagi tadbirkorlar kabi shartnoma tuzish va ko‘rsatilgan xizmat uchun soliq to‘lamaslik huquqi beriladi; 

“Usta-shogird” maktabi o‘quvchisi sifatidagi ish davri 25 yoshga yetgunga qadar eng kam oylik ish haqining kamida 2,5 barobari miqdorida sug‘urta to‘lovi to‘langan taqdirda mehnat stajiga qo‘shiladi. 

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

doimiy savdo joylariga ega bo‘lmagan va vaqtinchalik joylarda savdo qiluvchi hunarmandlar tomonidan kassa apparatlari va savdo terminallaridan foydalanish, shuningdek, savdodan tushgan naqd pul tushumini tijorat banklariga inkassatsiya qilish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi; 

hunarmandlar uchun davlat mulki obektlari uchun ijara to‘lovi belgilangan eng kam to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi; 

hunarmand xususiylashtirish dasturi doirasida (“nol” xarid qiymatida) sotiladigan davlat mulki obektini olish xohishini bildirgan taqdirda, ushbu obekt hunarmandga baholangan qiymatida (boshlang‘ich investitsiya majburiyatlari bilan) ochiq savdolarga (tanlovga) qo‘yilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotiladi (beriladi); 

bir necha hunarmand bir obektni (“nol” xarid qiymatida) olish istagini bildirgan taqdirda, ushbu obekt belgilangan tartibda ochiq savdoga (tanlovga) qo‘yiladi va unda faqat ushbu hunarmandlar ishtirok etadi. 

Belgilanishicha, ushbu shartlar asosida hunarmandlarga berilgan obektlardan kamida 5 yildan kam bo‘lmagan vaqt davomida hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida foydalanilishi lozim. 

Mavzuga oid
Top