Tojikistonda «T28» rusumli traktor haydovchisi transport vositasi derazasini noqonuniy ravishda qoraytirgani uchun 3 ming somoniy (340 dollar) miqdoridagi jarimaga tortildi. Bu haqda tojik OAV xabar bermoqda.
Tojikiston Ichki ishlar vazirligidan xabar berishlaricha, Xatlon viloyati avtomobil inspeksiyasi boshqarmasi o‘tgan hafta Dushanbe-Qo‘rg‘on-tepa avtomobil yo‘lidagi reyd davomida «tonirovka» qilingan traktor haydovchisini ushlagan. U faqat quyosh nurlaridan himoyalanmoqchi bo‘lganini iddao etgan.
Ushbu davlatda 2017 yilning 1 yanvaridan avtomobil derazasini qoraytirish uchun ruxsatnoma narxi qimmatlashdi – 25 foizga. Bunday ruxsatnoma bir yil amal qiladi, hamda xohlovchilar uni uzaytirish uchun yana pul to‘lashlari kerak bo‘ladi. Ushbu mablag‘lar esa 2010 yildan beri Rog‘un GES qurilishining maxsus hisob raqamiga o‘tkazilmoqda.