O‘zbekiston | 14:35 / 21.11.2017
24759
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «yashil shahar»lar ko‘payadi

Foto: Norma

O‘zbekistondagi eng yirik sanoat markazlaridan birida «Ohangaron yashil shahar» loyihasini ro‘yobga chiqarishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Gap uy-joy sektorida yangi yuqori samarador ekologik toza texnologiyalarni joriy etish haqida bormoqda, deb yozadi Norma.uz.

«Ohangaron yashil shahar» loyihasi Xitoyning «JONTIAGroup» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini yaxshilashga qaratilgan yirik rejadir.

Xabarda aytilishicha, shahar hokimligi ushbu loyiha tashabbuskori bo‘ldi. Ularning oldida ayni paytda isitish tizimini tezkor tarzda modernizatsiya qilish masalasi turibdi. Bugungi kunda mavjud tizim eskirgani bois aholi gazdan foydalanib, xonadonlari va uylarini gaz plitalari va boshqa isitish asboblari yordamida isitmoqda. Bunda yarim asrdan ziyod vaqt oldin qurilgan mavjud markazlashtirilgan isitish qozonlarini modernizatsiya qilish samarasiz deb topildi.

«JONTIAGroup» ekspertlari mavjud muammolarni shaharda issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan beshta yuqori samarador stansiyalar qurish yo‘li bilan samarali hal etishni taklif qilishdi. Ularni ishga tushirish gaz iste'molini 3-4 baravar qisqartirish imkonini beradi. Buning ustiga, aholi punkti tomonidan ishlatiladigan elektr energiyasining 80 foizi  uning atrofida ishlab chiqariladi, bu esa tashqi manbalarga bog‘liqlikni jiddiy kamaytiradi. 

Shunisi muhimki, masalaning yechimi atmosferaga uglekislotali gaz chiqarilishini bir necha baravar qisqartiradi va shu tariqa shaharda ekologik holatni yaxshilaydi. Atrof muhitning saqlanishiga ko‘mak beradigan bu texnologiyalar «yashil» texnologiyalar sirasiga kiradi.

Hozirgi kunda xitoylik mutaxassislar loyihaning texnik asosini tayyorlashmoqda.

Loyihani ikki bosqichda  ro‘yobga chiqarish rejalashtirilmoqda. Dastlabki ikkita qurilmani 2018 yilda, yana uchtasini 2019 yilda qurish belgilanmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra loyiha 87,45 mln dollar miqdorida baholanmoqda.

Loyiha muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarilgan taqdirda Ohangarondan boshqa shaharlarda ham zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishda namuna bo‘lishi bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid