«Tribuna» Yevropa Chempionlar Ligasining guruh bosqichida seshanba oqshomida o‘tkazilgan 5-tur o‘yinlarini sarhisob qiladi.

E guruhi
Ispaniya janubida jazirama

Sevilya – Liverpul – 3:3
Gollar: Ben Yyedder, 51, 60 - penalti. Pisarro, 90+3 – Firmino, 2, 30. Mane, 22

Kunning eng qiziqarli uchrashuvi Sevilyada o‘tkazildi. Ispaniya janubida joylashgan bu shahar ko‘chalari o‘yin kuni ikki jamoa muxlislari bilan to‘lib toshdi. Ular kim zo‘rroq to‘polon ko‘tarish bo‘yicha bahsga kirishib ketishgandi.

Muxlislarning tashabbusi maydonda futbolchilar tomonidan ham davom ettirildi. Ikki bo‘lim ikki xil kechdi. Birinchi bo‘limda «Liverpul» to‘liq ustunlik namoyish etdi va maydon egalarining har xatosini gol bilan jazolay boshladi. Firmino va Mane egizak gollar urishdi. Firmino bo‘lim oxirida markaziy himoyachilar xatosidan foydalanib yana bir bor darvozani ishg‘ol etdi.

Tanaffusda mezbonlar ustozi Eduardo Berisso o‘z futbolchilarini ruhlantirish uchun shunday dedi: «Biz endi raqibga o‘z maydoni hududidan chiqishga izn bermasligimiz kerak. Tuzatilmaydigan xato yo‘q».

Maydonga boshqacha kuch bilan qaytgan ispanlar tezda ikkita javob goli yo‘llashdi. Ikkinchi bo‘limning 15 daqiqasi ichida Ben Yyedder dubl qayd etishga ulgurdi.

Shundan so‘ng Klopp jamoasi o‘ziga kela boshladi va hujumkor o‘yin namoyish etdi. Klopp o‘z faoliyatida «Sevilya»ni ilk marta yengishga yaqin kelgandi (u «Borussiya» va «Liverpul» boshqaruvida bu klubga qarshi shu vaqtgacha 6 o‘yin o‘tkazib, 3 mag‘lubiyat va 3 durang qayd etgandi) ammo statistika o‘zgarmasdan qoldi. Pisarro o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda uchinchi golni urdi. Ispanchasiga aytganda «remondatu».

O‘sha-o‘sha «Spartak»