Iqtisodiyot | 20:25 / 22.11.2017
9190
3 daqiqa o‘qiladi

Elektromobillarning jahon savdosi 63 foizga o‘sdi

Foto:elekt-ro.com

Joriy yilning 3-choragida elektromobillar va elektr tarmoqqa ulanuvchi gibrid avtomobillarning jahon bo‘ylab savdosi rekord qiymatlarga yetdi. Bunga ko‘p jihatdan Xitoyda bunday mashinalarga talab kattaligi evaziga erishilgan. Bloomberg’ning yozishicha, ushbu mashinalar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 63 foizga o‘sgan. Bunday mashinalardan esa ko‘rilayotgan davrda 278 mingta sotilgan.

3-chorakda elektromobillar 2-chorakka nisbatan ko‘proq sotilgan. Savdo hajmi 23 foizga o‘sgan. Barcha sotilgan mashinalarning yarmi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Sentyabrda Xitoyda 78 mingta gibrid va elektromobil sotilgan. Xitoyliklar 2018 yilda 1 millionta elektromobil ishlab chiqarishga va'da berishmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda sotilgan elektromobillar miqdori nihoyat 1 milliontaga yetishi mumkin. Ko‘plab davlatlarda EV-mashinalar egalari turli imtiyozlar oladilar, ishlab chiqaruvchilar esa arzonroq modellarni taklif qilmoqdalar. Bunday vaziyat elektromobillarga shubha bilan qaraydiganlarning ularning tarafdorlari tomonga o‘tishga undaydi.  

Hozirda barcha yetakchi avtomobilsozlik kompaniyalari mavjud modellarining elektrlashtirilishi va to‘liq elektr modellar chiqarilishini e'lon qilganlar. Shunga ko‘ra, Opel 2024 yilga kelib faqatgina elektrokarlar va gibridlar ishlab chiqaradi. VW esa elektromobillarni rivojlantirishga 40 mlrd. dollar sarmoya ajratadi. Jaguar esa 2020 yilgacha to‘liq elektr motorlarga o‘tadi. 2019 yildan Volvo ham faqatgina gibrid va to‘liq elektr avtomobillar ishlab chiqaradi. Buning hisobiga bozor turfalashadi va bu savdolar o‘sishiga turtki bo‘ladi. 

Ehtimol, elektromobillarga o‘tishdagi asosiy omil oxir-oqibat qonunlar bo‘ladi. Hozirdanoq shu ayonki, kelgusida rivojlangan davlatlarda ichki yonuv dvigateliga ega mashinalarni xarid qilishning iloji bo‘lmaydi. Misol uchun, Gollandiyada 2030 yilgacha ichki yonuv dvigatellar taqiqlanishi rejalashtirmoqda. Xuddi shunday rejalarni Germaniya ham bildirgan. 

Mavzuga oid