16:20 / 22.11.2017
7691

Qoraqalpog‘istonda 11 ishchining​ 31 million so‘mga yaqin ish haqi undirib berildi

«Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJda yetakchi injyener lavozimida ishlab kelgan Xusain Xodjaniyazov Qoraqalpog‘iston kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi​ga murojaat etib, ish beruvchi tomonidan jamoa shartnomasi talablari bajarilmayotganidan shikoyat qilgan.

Kasaba uyushma huquqshunoslari tomonidan murojaat atroflicha o‘rganilganda, X.Xodjaniyazovni 2015 yil avgust oyida «Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ ma'muriyati ishga taklif etgani, korxona jamoa shartnomasiga ko‘ra, mavjud barcha imtiyozlar yangi xodimga ham taalluqli ekani aniqlangan.

Jumladan, jamoa shartnomasiga ko‘ra, yangi xodimning butun mehnat staji yangi ish joyida ham saqlab qolinadi. Shunga asosan maxsus komissiyaning qarori bilan AJda X.Xodjaniyazovning staji 36 yil 1 oylik deb belgilangan. Shuningdek, uning ish haqiga ustama qo‘shib berilishi kafolatlangan. 

O‘zbekiston Kasaba  uyushmalari federatsiyasi axborot xizmatining xabar qilishicha, 2016 yilning noyabr oyida X.Xodjaniyazovning pensiyasi rasmiylashtirilib, joriy yilning mart oyida esa pensiya yoshiga to‘lgani sababli mehnat shartnomasi bekor qilinganida, jamiyat rahbariyati jamoa shartnomasida belgilangan majburiyatlarini bajarmagan.

Ya'ni, jamoa shartnomasida xodimga pensiyaga chiqish munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqa va Mehnat kodeksining 109-moddasiga asosan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganda to‘lanadigan ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lashdan bosh tortilgan.

Kasaba uyushmalari ish beruvchiga yuqoridagidek holatlarda O‘zbekis­ton Respublikasi  Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasiga asosan aybdor shaxslar javobgarlikka tortilishi mumkinligi, Mehnat kodeksining 112-, 188- va  275-moddalari talabiga ko‘ra, xodim foydasiga ma'naviy zarar undirilishi, yuridik maslahat olish, advokat xizmatidan foydalanish, sud ishi va boshqa sarf qilingan xarajatlar qonun talablarini buzgan mansabdor shaxslardan undirilishini tushuntirib taqdimnoma kiritdi.

Natijada, Xusain Xodjaniyazovga Mehnat kodeksining 109-moddasiga asosan o‘rtacha bir oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasi va «Pensiyaga chiqish munosabati bilan mehnat faoliyatini tugatganda» «​O‘zbekenergo» DAK ijroiya apparati, «Energosotish» filiali va energetika tizimi UK xodimlariga bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lash to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra, bir yo‘la beriladigan nafaqa uchun 16 mln. 453 ming 966 so‘m undirib berildi.

Shu bilan birga, murojaatni o‘rganish davomida bitta ishchi emas, balki ko‘plab xodimlarning yuqoridagi kabi qonuniy huquqlari buzilganligi aniqlandi. Natijada, 11 nafar xodimning buzilgan mehnat hukuqlari tiklanib, ularga 31 mln.ga yaqin  kafolatli to‘lovlarning undirib berilishiga erishildi.

Top