Jahon | 07:00 / 22.11.2017
66215
3 daqiqa o‘qiladi

Sayfullo Soipovga 22 ta holat bo‘yicha ayblov qo‘yildi

Foto: AP Photo / St. Charles County Department of Corrections

31 oktabrda Nyu-Yorkning Manxetten tumanida yuk mashinasida odamlarni bosib ketgan, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Sayfullo Soipovga terrorchilik va qotillik sodir etish ayblovlari qo‘yildi. Bu haqda AQSh adliya vazirligi ma'lum qildi.

Soipovga umumiy hisobda 8 ta qotillik (hujum qurbonlari soni bo‘yicha), 12 ta qotillik sodir etishga urinish (jabrlanganlar soni bo‘yicha), IShID terrorchilik guruhiga ko‘mak berish va ko‘mak berishga urinish, zo‘ravonlik va transport vositasiga shikast yetkazish bandlari bo‘yicha ayblov qo‘yildi. 22 ta banddan iborat ayblov xulosasini hakamlar hay'ati chiqargan. Endi Soipov o‘z qilmishlari uchun sud oldida javob beradi. Ayblovning 2 moddasi bo‘yicha Soipovga umrbod qamoq jazosi yoki o‘lim jazosi berilishi mumkin.

Adliya vazirligi xabarida ta'kidlanishicha, Soipov teraktni sodir etishga uni telefon orqali ko‘rgan IShID videosi “ilhomlantirgan”ini tan olgan. Uning aytishicha, u jinoyatni sodir etishni bir yil avval o‘ylab qo‘ygan, hujumdan 2 oy avval esa “ko‘proq begunoh odamlar jabrlanishi maqsadida” uni yuk mashinasi yordamida amalga oshirishga qaror qilgan. U teraktdan bir haftacha oldin yuk mashinasini ijaraga olib, uni boshqarishni mashq qila boshlagan.

“Soipov yuk mashinasining oldidan va orqasidan IShID bayroqlarini o‘rnatmoqchi bo‘lgan, biroq o‘ziga e'tibor jalb qilmaslik uchun bu fikridan qaytgan. Soipov yaralangandan keyin yotgan shifoxonadagi palatasida IShID bayrog‘ini osib qo‘yishni so‘ragan va “qilgan ishidan o‘zini yaxshi his qilayotganini” aytgan”, deyilgan xabarda.

Soipov yuk mashinasida Manxettenning janubi-g‘arbida joylashgan velosipedchilar harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘lkaga chiqib, yo‘lida uchragan velosipedchilarni bosib, bir necha ko‘cha yurib o‘tgan, so‘ngra maktab avtobusiga urilib to‘xtagan. Shundan keyin Soipov peyntbol o‘yini uchun mo‘ljallangan to‘pponcha bilan mashinadan tushib qocha boshlagan. Shu vaqtda u politsiyachilar tomondan o‘qqa tutilib, yaralangan va shifoxonaga yetkazilgan.

Hujum oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, 12 kishi jarohat olgan.

Mavzuga oid