Light | 23:48 / 22.11.2017
74260
10 daqiqa o‘qiladi

Uy doimo issiq bo‘lishi uchun qanday isitgich xarid qilish kerak?

Foto: Layfxaker

Qishning sovuq va izg‘irinli kunlari yaqinlashmoqda. Hamma ham o‘z xonadoni bunday kunlarda issiqqina bo‘lishini istaydi, albatta. Kvartirasi, dala-hovlisi hattoki uyining hovlisi issiq va yoqimli bo‘lishini istovchilar uchun Layfxaker batafsil yo‘riqnoma ishlab chiqdi.

Isitgichlarning mashhur turlari

Har qanday isitish qurilmasining o‘z afzalliklari va illati bo‘ladi. Quyida ularning hammasi bilan tanishib chiqib, ehtiyojlaringizga qay biri ko‘proq mos kelishini bilib olasiz.

 

1. Moyli isitgichlar

Foto: Layfxaker
Polaris PRE J 0920 moyli isitgich

Bunday isitgichlar ichida mineral moy bo‘ladi va u spiral yordamida qizdirilib, korpusga issiq tarqatadi. Bunday qurilma teng taqsimlangan seksiyalardan iborat bo‘lib, kvartiradagi isitish batareyalarini eslatib yuboradi.

Quvvati teng bo‘lgan ikki moyli isitgichdan seksiyalari kamroq bo‘lgani kuchliroq isitadi. Shuning uchun to‘satdan kuyib qolishdan saqlanish uchun seksiyalari ko‘proq bo‘lganini xarid qilgan ma'qul.

Plyuslari. Moyli isitgichlar shovqinsiz ishlaydi, tokdan uzilgach ham uzoq vaqt issiqlikni saqlab turadi va ekologik toza buyum hisoblanadi.

Minuslari. Korpusi qattiq qizishi tufayli yosh go‘daklar uchun xavfli hisoblanadi. Bundan tashqari, ular xonani juda sekinlik bilan qizdiradi va ko‘p elektr toki sarflaydi.

 

2. Konvektorlar

Foto: Layfxaker
Electrolux Brilliant ECHB-2000 E konvektori

Konvektorlar seksiyasiz batareyalarga o‘xshaydi. Bunday turdagi isitgichlar pastki tuynugidan sovuq havoni qabul qilib olib, uni isitib beradi. Natijada havo yengillashadi va uning o‘zi qurilmaning yuqorisidagi tuynukdan chiqib ketadi. Shu yo‘l bilan xona ichida havoning tabiiy sirkulyatsiyasi ro‘y beradi.

Plyuslari. Konvektorlar ham shovqinsiz. Ular u qadar qattiq qizimaydi, binobarin, yosh bolalar uchun zararsiz. Bunday apparatlardan dala-hovlilarni isitishda ko‘proq foydalaniladi: ularni yagona isitish tarmog‘iga osongina ulash mumkin.

Minuslari. Isitish jarayoni juda sekin boshlanadi, ishining samaradorligi esa uning joylashuviga bog‘liq — qanchalik pastda bo‘lsa shunchalik yaxshi.

 

3. Issiqlik parraklari

 

Foto: Layfxaker
VITEK VT-1750 BK issiqlik paragi

Bunday isitgichlar parraklar aylanishi vositasida issiq havo taratadi. Ularning korpusi ko‘pincha avtomatik burilish mexanizmi bilan ta'minlanadi: atrofni bir tekis isitishi uchun.

Plyuslari. Issiqlik parraklari xonani isitish tezligi bo‘yicha yetakchi. Ular nisbatan kam energiya iste'mol qiladi, shakli va o‘lchamlari turlicha ekanligi bilan har qanday intererga mosini tanlab olsa bo‘ladi.

Minuslari. Issiqlik parraklarining bosh kamchiligi uning shovqinidir. Agar issiqliq spiraliga chang, gard yoki hashorat qo‘nsa yoqimsiz kuyik hidi ham taraladi.

 

4. Infraqizil isitgichlar

 

Foto: Layfxaker
Ballu BIH-L-3 infraqizil isitgichi

 

Bunday turdagi apparatlar zararsiz infraqizil nurlanishdan foydalanadi. Shu sababli ular quyosh singari havoni emas, nur yo‘lida paydo bo‘lgan obektlar: mebel, devor, pol va insonlarni qizdiradi. Infraqizil isitgichlarning ba'zilari elektr energiyasiga muhtoj emas va gazda ishlaydi.

Plyuslari. Bunday qurilmalar shovqinsiz ishlaydi va nafaqat xonalar, shuningdek, hovli, harrakli ayvon va boshqa ochiq maydonlarni isitishda ham qo‘l keladi. Bundan tashqari, infraqizil isitgichlar eng iqtisodlisi hisoblanadi. Ayniqsa, gazda ishlaydiganlari (gaz balloni emas, magistral gaz quvuriga ulanganlari).

Minuslari. Bu qurilmadan xonalari ko‘p bo‘lgan katta maydonlarni istishda foydalanib bo‘lmaydi. Infraqizil nurlar yetib bormaydigan joylar sovuqligicha qolaveradi.

 

5. Elektr kaminlar

 

Foto: Layfxaker
Scarlett SC-2055 elektr kamini

Elektr kamin — o‘zi alohida yoki mebelga qo‘shib o‘rnatiladigan blok bo‘lib, an'anaviy kamin dizayniga ega bo‘ladi. Maxsus yoritkich yoki boshqa texnologiyalar yordamida yonayotgan olovning imitatsiyasini hosil qilish ham mumkin.

Plyuslari. Elektr kamin — birinchi navbatda dekoratsiyaning stilli elementidir. Siz kamindan hosil bo‘ladigan shinamlikka ega bo‘lasiz, biroq o‘tin, ko‘mir va tutun kabi ortiqcha ishlardan xalos bo‘lasiz.

Minuslari. Bunday qurilmalar juda yomon isitadi. Shu sababli juda qattiq havoda unga ishonib bo‘lmaydi.

 

6. Issiqlik pardalari

Foto: Layfxaker
Tropik M-3 issiqlik pardasi

Bunday isitgichlar alohida ahamiyatga ega. Issiqlik pardalari nafaqat xonani isitadi, shuningdek, u yerdagi haroratni bir maromda ushlab turadi. Eshik va derazalar ustiga mahkamlangan qurilmalar pastga yo‘naltirilgan havo oqimlarini paydo qiladi. Bunday ko‘rinmas to‘siqlar xona va ko‘cha o‘rtasidagi issiqlik almashinuviga xalaqit beradi.

Issiqlik pardalarini tanlay turib, ularning o‘lchamiga e'tibor qarating. Qurilmaning eni deraza yoki eshikning enidan kam bo‘lmasligi kerak. Aks holda havo to‘sig‘ining maydoni yetarli bo‘lmay qolishi mumkin.

Plyuslari. Issiqlik pardalari xonadagi haroratni yilning istalgan faslida saqlab turadi va hattoki xonaga hashoratlar kirishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Minuslari. Bu qurilmalar aslida xonani isitmaydi, shunchaki mavjud haroratni bir maromda ushlab turadi.

 

Isitish maydoni

Xarid avvalida isitgichning quvvati xonangiz o‘lchamlariga mos kelishiga amin bo‘ling. Buning uchun apparat ta'minlab beradigan isitish maydoni hajmiga e'tibor qarating. Yaxshisi, mo‘ljaldan ortiqroq yuzani qoplaydiganini xarid qiling. Biroq orttirilgan quvvat sizga qimmatroqqa tushishi mumkin.

Siz o‘zingiz ham qaysi ko‘rsatkich siz uchun optimal ekanligini aniqlashingiz mumkin.

Hisoblanishicha, bir kvadrat metr yuzani isitish uchun pribordan kamida 100 Vatt quvvat talab etiladi.

Agar isitgichdan qo‘shimcha isitish vositasi sifatida foydalanmoqchi bo‘lsangiz, kvadrat metrga 60–80 Vt ham yetarli bo‘ladi.

 

Boshqarish turlari

Mexanik boshqariluvchi isitgichlarni faqat quvvati va isitish haroratiga qarab tanlash mumkin. Elektron boshqariluvchi modellar qimmatroq, biroq ko‘proq sozlamalar va turli ish rejimlarini taklif etadi. Bundan tashqari, ularda displey mavjud bo‘lib, harorat va boshqa ko‘rsatkichlar ko‘rinib turadi, ularni pult yordamida masofadan turib boshqarish mumkin.

 

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Isitgich tanlay turib, qo‘shimcha funksiyalar va xarakteristikalarni ham unutmaslik kerak. Ulardan ba'zilari sizning tanlovingizda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

Masalan, siz vanna yoki sauna uchun isitgich xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, u namlikka chidamli ekanligiga e'tibor qarating. Isitgich siz o‘rnatgan haroratni qat'iy ta'minlab turishi uchun termostatli model tanlang. Sizni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan boshqa foydali imkoniyatlar orasida taymer, harorat oshganda yoki tushganda avtomatik o‘chirib-yoqish, havoni namlantirish va boshqalar bo‘lishi mumkin.

 

O‘lchamlari va mahkamlanishi

Isitgich qulay va xonadagi sharoitlarga ideal mos kelishi uchun uning o‘lchamlari va montaj qilish usullariga e'tibor qarating. Masalan, ayrim apparatlar devor yoki shiftga qotirish imkonini beruvchi matohlari bilan sotilsa, boshqalari stolga qo‘yish uchun qulay, uchinchisi esa pol bo‘ylab siljitish uchun g‘ildirakchalarga ega. Turli sharoitlar uchun birdek moslanganlari ham bor.

 

Xaridorning chek ro‘yxati

Xonalarni to‘laqonli isitish uchun issiqlik parraklari, moyli isitgichlar yoki konvektorlar xarid qiling. Dastlabkisi — shovqin asabiga tegmaydiganlar uchun yaxshi variant. Agar shovqinga chidashning iloji bo‘lmasa va xonaga yosh bolalar kirmasa, moyli isitgich xarid qiling. Agar bexosdan kuyishdan qo‘rqsangiz yoki dala-hovlini isitishni mo‘ljallayotgan bo‘lsangiz — konvektor oling.

Ko‘p energiya sarflamasdan, ma'lum bir joy, aytaylik, ish joyi, vanna, garaj yoki suhbatlashish uchun harrakli joyni isitishni istasangiz infraqizil isitgich oling. Eng yaxshisi gaz ballonchalisi bo‘ladi.

Agar sizga issiqlikdan ham ko‘ra estetika birlamchi bo‘lsa, elektr kaminlarga e'tibor qarating.

Agar isitish tizimingiz paydo qilgan issiqlikni bir maromda ushlab turishni istasangiz, issiqlik pardalari sotib oling.

Isitilish maydoni xonangiz yuzasiga mos kelishini albatta solishtirib, tekishirib ko‘ring.

Agar qulaylikni qadrlasangiz elektron boshqariluvchi apparat xarid qiling.

Isitgichning qo‘shimcha funksiyalar ro‘yxati, o‘lchamlari va uni mahkamlash uslublariga ham e'tibor bering.

Mavzuga oid