13:30 / 22.11.2017
50442

«Viloyatlardagi barcha maktab va kasalxonalarni isitib beramiz!» – O‘zbekistonda «tekinga isitish» loyihasi

Kuzdan qish mavsumiga o‘tish davrida aholining energiya tizimiga bo‘lgan ehtiyoji yanada ortadi. Talabni qondirish esa katta muammoga aylangani sir emas. Shu vaqtda isitishning muqobil turlaridan foydalanish eng to‘g‘ri yechim bo‘ladi. Ma'lum bo‘lishicha, Germaniya muqobil energiyadan oqilona foydalanadigan mamlakatlar orasida birinchi o‘rinda turadi.

O‘zbekistonda ham muqobil energiyani rivojlantirish uchun katta ishlar olib borilmoqda, turli qarorlar, loyihalar ishlab chiqilmoqda. Muqobil energiyadan foydalanish aholi uchun zarur bo‘lgan tabiiy resurslarni tejab, ijtimoiy shart-sharoitlarni yaxshilashga yordam beradi.

Foto: Akrom Abdusamatov/Kun.uz

Mustaqil tadqiqotchi, Wide Stell Round MChJ rahbari Akrom Abdusamatov boshchiligida aynan mana shu sohani rivojlantirishga qaratilgan yangi, ajoyib loyiha ishlab chiqildi. E'tiborli tomoni shundaki, mazkur loyiha orqali qishki mavsumda aholini issiqlik energiya bilan ta'minlash mumkin.

Kun.uz muxbiri loyihaning mazmun-mohiyatini yaqindan o‘rganish maqsadida Akrom Abdusamatov bilan suhbat qurdi.

Energiya tanqisligi muammosi

Chekka hududlardagi maktablar, kollejlar, ta'lim muassasalari, kasalxonalar, ma'muriy-maishiy binolarni kuz-qish mavsumida bir maromda isitish katta muammo sanaladi. Insonlar elektr energiyasini haddan ziyod ko‘p miqdorda ishlatishga majbur bo‘lishadi. Natijada esa ko‘ngilsiz hodisalar, uzilishlar yuzaga keladi. Xuddi shunga o‘xshash holat gaz ta'minoti bilan ham kuzatiladi.

Loyihaning paydo bo‘lishi

Men mazkur loyihani yaratishda ko‘plab izlanishlar olib bordim, tarixiy tajribalarni o‘rgandim. Quyosh, shamol energiyalaridan tashqari, yana bir necha muqobil energiya turlari mavjud ekaniligini aniqladim.

Muqobil energiya turlari orasida menga eng ma'qul bo‘lgani ohaktoshdan juda ko‘p miqdorda gaz ajralib chiqishi bo‘ldi. Bu gaz esa 900-850 haroratda is gaziga o‘tishi, yonuvchan gazga aylanishi bizni o‘ziga jalb qildi. Bu borada ko‘p tajribalar o‘tkazdik. Natijada 1 gektar issiqxonaga bodring ko‘chati ektirdik. Nima uchun aynan bodring? Sababi, agarda qishda harorat 15 darajadan pasayib ketsa, turli kasalliklarga chalinib, barglariga dog‘ tushish holati kuzatilar ekan. Bizga 1 gektar maydonni isitish uchun 3 tonna ko‘mir yordamida 2 gigakaloriya issiqlik kerak bo‘ldi.

Ixtironing qulay jihati

Sarflanadigan ko‘mirni bir tonnaga tushirib, tejaymiz va ikki tonna ko‘mir o‘rniga tog‘lardan qazib olinuvchi ohaktoshni ishlatamiz. Birikmalarning aralashuvi haroratning keskin oshishi – ekzotermik jarayonning vujudga kelishiga olib keladi.

Foto: Akrom Abdusamatov/Kun.uz

Mutaxassislar nima deydi?

Anorganik kimyo tekshirish institutida ustozimiz Odilov Jaloliddin kerakli maslahatlarni berib, issiqxona sharoitida sodir bo‘layotgan holatlarni nazorat qilib bordi. Bizning qilgan tadqiqotimizga ular ilmiy jihatdan o‘zlarining ijobiy xulosalarini berib, asoslab berishdi.

Qachon amaliyotga keng targ‘ib etiladi?

Hozirda mazkur loyiha ustida bosh-qosh bo‘lib turuvchi hamkor davlat idorasi yo‘q. Ba'zida hokimlar bilan muloqot qilganimizda, “qani buni qilib ko‘rsat”, deb so‘rashadi. Birgalikda boshlash taklifini esa hech kim bermaydi. Men bu kabi beparvoliklarga juda ko‘p duch kelaman. Axir, loyihaning ishga tushirilishi chekka tumanlardagi energiya muammolarining oldini olishga, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlashga katta hissa qo‘shadi.

Maktab va tibbiyot muassasalarini tekinga isitib berishdan Wide Stell Round qay darajada manfaatdor?

Hech qanday. Shunchaki, qishloqlarda sovuq xonalarda tahsil olayotgan bolalarni ko‘rib, nahotki sharoit, imkon bo‘la turib, isitib bera olmasak, deb o‘ylab qolasiz. Birinchidan, energiya bilan ta'minlash ularning to‘la-to‘kis ta'lim olishiga yordam beradi. Ikkinchidan esa bu ularning salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi.

Qayerda qo‘llash mumkin?

Bu loyihadan ko‘p qavatli uylarni isitishda ham foydalanish mumkin. Biroq qo‘llashning ham o‘ziga yarasha tartib, qoidasi mavjud. Masalan, ma'lum bir maydonga ega bo‘lgan namunaviy uylarga issiq energiyasini yetkazib berish oson. Aholi turar-joylarda esa barcha qo‘shnilar kelishgan holga tarmoqni tortib o‘tkazishsa, loyihani qo‘llash mumkin. Sababi, haroratni doimiy nazorat qiluvchi bitta mutaxassis kerak bo‘ladi. Xo‘jaliklarda esa har biriga ana shunday mutaxassis topib berish mushkul.

Foto: Kun.uz

Nima uchun “tekinga isitish” loyihasi?

Bunga sabab bor: 1 tonna ko‘mir bilan ohaktosh yondirilishi natijasida qumg‘onda 1 tonna kuydirilgan ohaktosh qoladi. Ana o‘sha ohaktoshni bozorda qurilish mahsuloti sifatida sotadigan bo‘lsak, ko‘mir va ishchilarga sarflanadigan xarajatlarimizni 100 foiz qoplab beradi. Tekinga isitish loyihamizning asosiy mag‘zi ham shu yerda. Yana bir savol tug‘ilishi tabiiy. Xo‘sh, O‘zbekistonda yetarli miqdorda ohaktosh mavjudmi? Tekshiruv va tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimiz hududida aholi uchun 1000 yilga yetadigan ohaktosh mavjud.

2017-2018 yildagi eng katta reja

Biron bir maktab yoki bog‘chalarni yangi loyiha bo‘yicha issiqlik energiyasi bilan ta'minlashdir. Biz sinov tariqasida joriy yilgi mavsumda o‘z ishimizni boshlaymiz. Umid qilamizki, rejamiz o‘z samarasini beradi.

Oliy maqsad

Aholimiz yashash tarziga foydasi tegadigan ishni amalga oshirishdir. Agarda kimda kim bu loyihani amalga oshirish niyatida bo‘lsa, biz yelkama-yelka xizmat qilamiz. Barcha kerakli yo‘l-yo‘riqlarni ko‘rsatamiz. Birgalikda xalq turmushini yaxshilashga hissa qo‘shsak, baxtiyor bo‘lamiz. Maqsadimiz – muqobil energiyadan samarali foydalanish bo‘yicha yangicha yo‘nalishni ochib berish.

Suhbatni to‘liq ravishda quyidagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Kompaniya bilan bog‘lanish: (+99890) 3711700

Top