22 noyabr oqshomida Yevropa Chempionlar Ligasida guruh bosqichining 5-turi yakunlandi. Natijalardan so‘ng, 8 jamoa rasman keyingi bosqich masalasini hal qilgan bo‘lishsa, qolgan 8 o‘rin uchun 14 jamoa kurash olib bormoqda. Demak, 10 jamoada bahorni ushbu turnirda boshlash uchun umuman imkoniyat qolmagan.
A GURUHI
Bo‘sh o‘rinlar soni: 2
Imkoniyatlar: «MYu» – 99 foiz, «Bazel» – 61 foiz, TsSKA – 40 foiz
Yevropa Ligasiga: TsSKA
So‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketgan «Bazel» Moskvada «Benfika» ustidan g‘alaba qozongan TsSKA imkoniyatlarini pasaytirib yubordi. Endi ruslar so‘nggi turda shveysariyaliklardan ko‘proq ochko to‘plashlari kerak bo‘ladi. TsSKA 6-turni «Old Trafford»da o‘tkazishini inobatga olsak, bu juda ham qiyin.
«Manchester Yunayted» 12 ochko bilan guruh peshqadami bo‘lib turibdi va aytish kerakki, deyarli pley-off masalasini hal qildilar. «MYu», «Bazel», TsSKA jamoalari bir xil 12 ochkodan qo‘lga kiritgan taqdirlarida ham, avvalo, shu uch jamoa o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlarga qaraladi. «MYu»da asosiy raqiblar bilan o‘yinlarda to‘plar nisbati +5, «Bazel»da -1, TsSKA da esa, -4. Demak, «MYu» olti to‘p farq bilan mag‘lubiyatga uchramasa, guruhda qolib ketmaydi. Hatto 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan ham Mourino shogirdlari guruhdagi 1-o‘rinni saqlab qoladilar.

Keyingi tur: «MYu» – TsSKA, «Benfika» – «Bazel»
V GURUHI
Bo‘sh o‘rinlar soni: Yo‘q.
Guruh g‘oliblari: «PSJ», «Bavariya»
Yevropa Ligasiga: «Seltik»
Ushbu guruhdan pley-offda qatnashadigan jamoalar qur'a paytidayoq aniq bo‘lib ulgurishgandi. Shunday bo‘ldi ham. So‘nggi tur faqat guruh g‘olibini va Yevropa Ligasi yo‘llanmasi sohibini aniqlab beradi.
Nemislar guruhda 1-o‘rinni egallash uchun o‘z maydonlarida «PSJ» ustidan to‘rt gol farqi bilan g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi. O‘z navbatida, «Anderlext» Yevropa Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun «Seltik»ni o‘sha hisobda mag‘lub etish kerak. Zero shotlandiyaliklar Belgiyada 3:0 hisobida ustun kelgandilar.
























