Koreya Respublikasida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimidagi faoliyatining birinchi yili haqida koreys tilida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitob chop etildi.

Foto: Prezident tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markazi

Prezident matbuot markazi ma'lumot berishicha, 20 noyabr kuni nashr etilgan ushbu kitob 8 bo‘limni o‘z ichiga olgan 320ta sahifa va ko‘plab suratlardan iborat bo‘lib, 50 ming nusxada chop etildi.

Nashrda Shavkat Mirziyoyevning avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, so‘ng Prezident lavozimidagi faoliyati haqida batafsil ma'lumot berilgan. Prezidentning O‘zbekiston va xorijda so‘zlagan nutqlaridan, jumladan, inauguratsiya marosimida, Konstitutsiya bayramida, BMT Bosh assambleyasidagi nutqidan hamda  yangi yil bayrami tabrigidan iqtiboslar keltirilgan.

Kitobda Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha  sohalarda boshlangan juda muhim islohotlarning tahliliga katta e'tibor qaratilgan.  Iqtisodiyotning liberallashuvi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va himoyalash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, valyuta bozorini liberallashtirish, aholining ijtimoiy himoyasi, mamlakat viloyatlariga nisbatan yangi siyosat, so‘z erkinligi va konstitutsiyaviy huquq tamoyillarini himoya qilish, jamiyatda kuzatilayotgan umumiy demokratlashtirish va liberallashuv, bularning barchasi Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan yangi islohotlarning dastlabki  natijalaridir.

Kitobning “2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” nomli bobini muallif katta qiziqish bilan alohida tahlil qilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosatdagi mintaqaviy hamkorlikning yangi impulsiga turtki bo‘lgan, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqan tashabbuslari haqida so‘z boradi. O‘tgan bir yil davomida Prezident Mirziyoyevning xorijiy davlatlarga tashrifi, O‘zbekistonga tashrif buyurgan bir necha davlat rahbarlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralari haqida batafsil ma'lumot berilgan.

Shu kunlarda koreys diasporasining O‘zbekistonda istiqomat qilayotganiga  80 yil to‘lmoqda va bu sana mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.  Kitob muallifi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida gumanitar sohada uzoq yillardan buyon  davom etayotgan mustahkam do‘stona munosabatlarni chuqur hayajon bilan hikoya qiladi.