O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi mobaynida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikning kengaytirilishiga qaratilgan bir nechta muhim kelishuvlarga erishildi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi tomonidan erkin savdo zonasi yaratish imkoniyati muhokama qilindi va ikki davlat bozorlariga imtiyozli kirishni ta'minlashning zarurligi bo‘yicha prinsipial kelishuvlar amalga oshirildi.

Bu borada vazirliklar rahbarlari tomonidan shu yil oxirigacha O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi imtiyozli savdo-sotiq to‘g‘risida ikki tomonlama Kelishuv tayyorlanishi bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhining birinchi uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Foto: Tashrifni yoritish matbuot markazi

Tashrif doirasida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qabul qilinishida, xususan, mazkur tashkilotga a'zo bo‘lishning natijasini baholash, milliy qonunchilikning JST kelishuvlari talablariga mosligi ekspertizasi hamda texnik, konsultativ va manfaatdor vazirlik va tashkilotlarga mutaxassislar ko‘magini berish yo‘llari orqali Koreya Respublikasining qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha memorandum va Yo‘l xaritasi imzolandi.

O‘zbekistonda tashqi savdodagi hamkorlikning ilg‘or shakllarini joriy etish, tashqi savdo operatsiyalarini o‘tkazish va eksportni rag‘batlantirish bilan bog‘liq tartib-qoidalarning yengillashtirilishi maqsadida tomonlar ilg‘or koreys tajribasi asosida O‘zbekiston Respublikasi elektron savdo Milliy platformasini yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar va mazkur shartnoma ijrosining amalda tatbiq qilinishi bo‘yicha muvofiq Yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

«O‘ztreyd» AJ KITA Koreys xalqaro savdo assotsiatsiyasi va KTNET bilan O‘zbekiston Respublikasida elektron savdoni rivojlantirish yuzasidan hamkorlikdagi faoliyatni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilib, memorandum imzolandi.

Foto: Tashrifni yoritish matbuot markazi

Koreys bozoriga yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar eksporti hajmini oshirish maqsadida Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) va Koreya nodir metallar instituti bilan O‘zbekiston Respublikasida Nodir metallar va qotishmalar ilmiy-tadqiqot Markaziga asos solish bo‘yicha shartnoma tuzildi.