16:47 / 23.11.2017
7422

Navoiydagi avval xususiylashtirilgan faoliyat yuritmayotgan korxonalar tiklanmoqda

Foto: O‘zA

Ma'lum qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 fevralda qabul qilingan PQ-2796 sonli qaroriga muvofiq, joylarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari boshchiligida Idoralararo komissiyalar tuzilgan va ushbu komissiyalarning ishchi organi sifatida Davlat raqobat qo‘mitasi hududiy organlari belgilangan.

Davlat raqobat ko‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, Navoiy viloyatida o‘tkazilgan xatlov natijasida 129 ta avval xususiylashtirilgan va bo‘sh turgan obektlar aniqlandi. Bugungi kunda viloyatdagi bo‘sh turgan obektlarning 103 tasi negizida investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu loyihalar bo‘sh turgan korxonalarni faoliyatini tiklanishiga turtki bo‘lmoqda. Mazkur loyihalarni amalga oshirish doirasida 255,6 mlrd. so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilishi va 1831 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunga qadar viloyatda 35 ta korxona faoliyati qayta tiklanib, 342 ta qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi. Mazkur korxonalarni ishga tushirish uchun 146,0 mlrd. so‘mlik sarmoyalar kiritildi.

Jumladan, Karmana tumanida joylashgan «Navoiy parrandachilik fabrikasi», savdo-tayyorlov bazasi, «579-sonli xo‘jaliklararo ko‘chma mexanizatsiyalashgan kolonna», Navoiy shahrida joylashgan «ELEKTROKIMYoZAVOD» AJ qo‘shma korxonasi, Qiziltepa tumanida joylashgan «AZKAMAR» MChJ bino inshootlari negizida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish obektlari ishga tushdi.

Masalan, Karmana tumanida joylashgan «ELEKTROKIMYoZAVOD» AJ qo‘shma korxonasining bo‘sh turgan binosi negizida 200,0 mln.so‘m miqdorida kiritilgan sarmoya evaziga sulfid natriy (kukunsifat) mahsulotini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bunda 12 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu korxona yiliga 500 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 fevraldagi PQ-2796 sonli qaroriga muvofiq, qurilishi tugallanmagan obektlar va bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishni ta'minlamagan, shuningdek, investitsiya loyihalarini o‘z muddatida amalga oshirmagan mulkdorlarga nisbatan ta'sir choralari qo‘llanadi.

Mavzuga oid
Top