23 noyabr oqshomida Yevropa Ligasida 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi, bugundan esa kuchli beshlik va boshqa chempionatlarda navbatdagi tur uchrashuvlariga start beriladi. Ular ichida bir qator e'tiborga molik o‘yinlar ham bor, albatta va «Tribuna» bu uchrashuvlar anonsini keltiradi.
BORUSSIYa – ShALKe 04 (25 noyabr, 19:30)

Rur derbisi – Bundesliganing eng keskin to‘qnashuvlaridan biri. Rur regionining ikki katta klubi o‘rtasida kechadigan joriy mavsumdagi ilk o‘yinni guvohi bo‘lamiz. Shundoq ham, derbi juda qiziqarli o‘tishi tayin, buning ustiga turnir jadvalida jamoalarning qo‘shni bo‘lib turganliklari vaziyatni yanada keskinlashtirishi turgan gap.
Dortmundliklar juda yomon davrni boshdan kechirmoqda. So‘nggi ikki oyda, 9 o‘yinda jamoa atigi 1 o‘yinda g‘alaba qozondi xolos. Bundesligadagi oxirgi g‘alaba esa, 30 sentabrga to‘g‘ri keladi. Natijada «Borussiya» turnir jadvalida 1-o‘rindan 4-o‘ringa tushib ketdi. «Bavariya» bilan oradagi farq 8 ochkoni tashkil qilmoqda.
Gilzerkirxenliklar esa aksincha, sentabrdan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. So‘nggi olti o‘yinning beshtasiga g‘alaba qozongan Tedesko shogirdlari ligada ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
So‘nggi uch Rur derbisi durang bilan yakunlangandi. Xo‘sh, «Borussiya» o‘z maydonida bu an'anani buzib, nihoyat muvaffaqiyatsiz pallaga chek qo‘yadimi yoki muammo aslida yanada chuqurroqmi?
LIVeRPUL – CheLSI (25 noyabr, 22:30)

O‘n yillar oldin bu to‘qnashuv nafaqat Premer Liganing, balki Chempionlar Ligasining ham klassikalaridan biriga aylangandi. Bu ikki jamoa YeChLning oxirgi bosqichlarida ko‘p bor ro‘baru kelishgan.
Hozir esa, o‘rtaga APLdagi yuqori o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati tikilgan. Hozirda Klopp shogirdlarining «Manchester Siti» bilan farqi 12 ochkoni tashkil qilmoqda. Bu o‘yindagi yo‘qotish farqni yanada oshirishi mumkin va u holda chempionlik uchun kurashish imkonsiz. O‘z navbatida, «Chelsi»ning ochko yo‘qotishi «Manchester Yunayted»ni oldinroqqa o‘tkazib yuboradi.
Turnir jadvalini bir chetga yig‘ishtirsak, har ikki jamoa o‘yinga optimalga yaqin holatda yetib kelayotganini alohida ta'kidlash kerak. Klopp ushbu mavsumda nihoyat birinchi marta hujum chizig‘idagi ijrochilarning holatidan mamnun – Mane ham, Koutino ham safga qaytdi, Saloh ajoyib sermahsullik namoyish qilyapti. «Chelsi» ham Kante va Morataning tiklanishi, Azarning ajoyib sport formasiga kirib borayotgani bilan muhim pallaga kuchli holatda kirib kelmoqda.





















