O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan, davlat daromadiga o‘tkazilgan va berilgan boyliklarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan «Fonon» davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori e'lon qilindi.
Hujjat bilan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan, davlat daromadiga o‘tkazilgan va berilgan boyliklarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan «Fonon» davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligiga moddiy-texnik bazani ta'minlash, shuningdek, boyliklarni saqlash, tashish, sotish va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligidan ekspertlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash maqsadida sotilgan boyliklar qiymatining 2 foizini maxsus hisob raqamiga yo‘naltirishga ruxsat berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Olib qo‘yilgan va davlat daromadiga o‘tkazilgan boyliklardan samarali foydalanilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2013 yil 5 iyundagi 156-son qarorining 1-va 2- bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
Nizomga ko‘ra, qimmatbaho metallar deganda - oltin, kumush, platina hamda har qanday tur va holatdagi, shu jumladan xomashyo, qotishmalar, zargarlik buyumlari va boshqa buyumlardagi, ishlab chiqarish parchalari va chiqindilaridagi platina guruhiga oid (palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy, osmiy) metallar;
qimmatbaho toshlar - tabiiy olmoslar, brilliantlar, la'llar, zumradlar, sapfirlar va aleksandritlar;
yarim qimmatbaho toshlar - sirkoniy, fianit, oniks (aqiqning taram-taram turi), korall (marjoy), akvamarin, yashma, sun'iy yoqut, opal, qahrabo, yoqut, turmalin, ametist, berillar guruhi, malaxit, topaz, nefrit, tanzanit, agat, feruza, gematit, kon billuri, kvars, lojuvard, xrizopraz;
boyliklar - qimmatbaho metallar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar hamda tabiiy marvaridlar tushuniladi.
Boyliklarni (arxeologik va muzey buyumlari yoki muzey kolleksiyalari hamda boshqa madaniy qiymatga ega bo‘lgan boyliklardan tashqari) «Fonon» DIIChKga sotish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha shartnoma asosida, to‘lovni to‘liq oldindan to‘lash shartlarida milliy valyuta (so‘m)da quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
















