Jahon | 12:19 / 24.11.2017
80983
6 daqiqa o‘qiladi

Qashshoq Zimbabvening «oltin» yoshlari hayoti: Mugabening bolalari pullarni qanday sovurishgan?

Kongodan so‘ng Yer kurrasidagi eng qashshoq mamlakat bo‘lmish Zimbabvening oltin yoshlari hayotiga xush kelibsiz. Bu yerda aholining aksariyat qismi qashshoqlikda kun kechirayotganida, boylarning bolalari o‘z nafsini jilovlash to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rishmagan. Xususiy samolyotlar, yaxtalar, kumush «rolls-roys»lar, bog‘lam-bog‘lam dollarlar, oltin to‘pponchalar — Zimbabvening yosh elitasi dabdabali hayot tarzini yaxshigina o‘zlashtirgan. Mahalliy oltin yoshlar taxtdan ag‘darilgan Mugabening qarindoshlari ekanligiga nima deysiz? Oltin yoshlarning zarrin kunlariga ham nuqta qo‘yilarmikan endi? — deb savol beradi Daily Mail.

Ular Zimbabve aholisining uchdan ikki qismi singari non uchun navbatga turmaydi. Ular dunyodagi eng qimmatbaho avtomobillarda sayr qilishadi va shishasi bir necha ming dollar turuvchi ichimliklarni ichishadi. Qashshoqlik bo‘yicha jahonda ikkinchi mamlakat elitasining farzandlari uchun Parij yoki Dubayda shoping qilish (u yerga albatta tillaga burkangan shaxsiy samolyotlarda uchiladi) odatiy hol. Va eng asosiysi — ular boyliklarini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilishni kanda qilishmaydi.

«Eng toza» narsalarga mukkasidan ketgani uchun Greys Guchchi deb nom olgan birinchi xonimning farzandlari ham onadan qolishmaydi: Mugabening o‘g‘illari — 24 yoshli kichik Robert Mugabe va 20 yoshli Chatunga Mugabe (o‘ngda).

Sentyabrda Kichik Robert ikkita Rolls-Royce xarid qilgan va yaqindagina Dubayda u birga suratga tushgan qora «Betmobil» bilan maqtangan edi.

Bundan tashqari, diktatorning to‘ng‘ichi Instagramda intereri to‘liq tilla bilan qoplangan xususiy samolyotda sayohat qilayotganini bir necha bor ko‘z-ko‘z qilgan.

Boyvachcha o‘smir tashqi ko‘rinishi uchun ham aslo iqtisod qilmaydi. Yaqinda u timsoh terisidan tikilgan Juzeppe Dzanotti dizaynerligidagi krossovka bilan maqtangan edi. Tilla suvi yuritilgan poyabzal 14 ming AQSh dollari turadi.

Kichik Robert yana ayollar lab bo‘yog‘i bilan otuvchi oltin to‘pponcha ham xarid qilgan.

Uning akasi Chatunga qit'aning eng yaramas odami sifatida Afrika ommaviy axborot vositalari nigohiga tez-tez tushib turadi. Ikki hafta oldin u brilliant bilan bezatilgan 60 ming dollarlik Rolex soatini yuvayotgani videosini qo‘ygan edi.

Chatunga shunday deb yozgan: «Otang mamlakatni boshqarsa, bilagingda 60 ming dollarlik zanjir bo‘ladi, bilasanmi shuni?»

Lekin Zimbabve sobiq prezidentining o‘g‘illari 93 foiz aholisi qashshoqlikda kun kechirayotgan mamlakatda bebiliska pul sochayotgan yagona insonlar emas. Magnat va siyosatchi Filip Chiyanganing 28 yoshli qizlari Vanessa va Mishelni olaylik. Ularning otasi Mugabening jiyani va boyligi 280 mln. dollarga teng.

Mishel 100 ming dollar turadigan 2013 yilda ishlab chiqarilgan Land Rover Victoria Beckham’da yuradi. 65 ming dollar pul sarflangan Seyshel orollaridagi asal oyini esa «arzon sayr» deb atagan.

Badavlat biznesmenning qizlari qimmatbaho mo‘ynalar, sher terisidan tikilgan sumkalar xarid qilishadi.

33 yoshli Genius Kadungure «rolls-roys»iga o‘tirib olgan. Bu mojaroli biznesmen o‘z karerasini «Angoliya havo yo‘llari»dagi tanishlari orqali gaz qazib olishga ruxsat olish bilan boshlagan».

Zimbabveda dindorlar ham yaxshi yashashadi. Ular butun qit'ani «avliyolar» suratida kezishadi va diniy konsertlar uyushtirishadi. Ular yig‘adigan olomonga Madonna havas qilsa arziydi.

Ana shundaylardan biri Uebert Angel. U The Billion Group konserni ijrochi direktori va o‘zini «Professional harakat xudosi» deb ataydi.

Voiz maishatni yaxshi ko‘radi. Shunday kechalarning birida u 17 ming dollar sarflagan, o‘zining tug‘ilgan kunini 32 ming dollarga nishonlagan.

Yaqinda Ubert Angel sariq Lamborghini bilan tushgan suratini e'lon qilib, uni shunday so‘zlari bilan bezagan: «Pul — aqlli narsa, u ahmoqlarni yoqtirmaydi».

Ubert Angel o‘z boyligini aqlliligi bilan tushuntiradi va ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilariga qashshoqlik ahmoqlarning qismati ekanligini ta'kidlaydi.

Bu esa Viknell Chivayo (ser Uiknell) — Zimbabvedagi yosh kayfusafochilar ichida eng badavlati. U Hararedagi bir necha obektlarga egalik qiladi, buyurtma asosida tayyorlangan eng yangi avtomobillarda yuradi, xorijda, ayniqsa AQShda ko‘p yuradi va dizaynerlik kiyimlari va avtomobillar xarid qiladi.

«Erkin maishatxo‘r» o‘z boyliklarini namoyish qilishni xush ko‘radi — masalan, Rolex soatlari kolleksiyasini.

Endi qariya Mugabe avtomat qo‘ndoqlari ostida «o‘z arizasi bilan iste'foga chiqqach» zimbabvelik vaqtichog‘larning keyingi taqdiri noma'lum bo‘lib turibdi. Nima bo‘lganda ham, ular vatandoshlari kabi ahvolga tushishmasa kerak. Eng bo‘lmaganida, bir-ikkita soatini sotishsa ham kuni o‘tadi.

Mavzuga oid