O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan 20ga yaqin uchrashuvlar o‘tkazilib, tajriba almashinuvi, O‘zbekistonda eksperimental tarzda bolalar bog‘chalarini ochish, birgalikda kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Safar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan Koreyaning qator maktabgacha ta'lim va boshqa turdagi muassasalariga tashriflar uyushtirildi va ularning faoliyati o‘rganildi, jumladan bog‘chalarning o‘ziga xos jihatlari, qo‘llanilayotgan ta'lim berish uslublari, moliyalashtirish va to‘lov tizimlari, pedagogik xodimlarning malaka darajasi va xizmat sharoitlari, oziq-ovqat va moddiy-texnik ta'minot hamda sohalariga tegishli dasturlar va uslublar atroflicha o‘rganildi. 

Pedagoglar faoliyati uchun maksimal qulay sharoitlarning yaratilgani, pedagogning ijodiy erkinligi, katta hajmdagi hisobotlarning yo‘qligi, davlat bog‘chalari pedagoglari ijtimoiy statusining yuqoriligi, bolalar o‘zlarini namoyon qilishlari uchun yaratilgan ijodiy muhit, jumladan xonalarning hatto kichik detallarigacha qulay dizayni va jihozlangani, ular uchun boy adabiyotlar va rivojlantiruvchi o‘yinlarning mavjudligi, erta bolalikdan jamiyatda o‘zini tutish va shaxsiy gigiyena ko‘nikmalarini tarbiya qilish kabi alohida jihatlar Koreya maktabgacha ta'lim tizimi muvaffaqiyatining asosini tashkil etadi.  

Alohida e'tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir jihat, davlat jamiyatning eng himoyalanmagan qatlamlari, kam ta'minlangan oilalar va nogiron bolalarga, birinchi navbatda g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi va bog‘chalarga qabul davomida ularga ustuvorlik prinsipini qo‘llaydi va shu sababli ham, Koreyada inklyuziv ta'lim prinsiplari tahsinga sazovordir. 

Koreyaning ta'lim tizimiga kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan va tasarrufida maktabgacha ta'lim muassalari bo‘lgan oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Sanmyong Universiteti, (Sangmyung University) hamda Chung-Ang Universiteti (Chung-Ang University) bilan Hadli kelishuvlar imzolandi, shuningdek Chonnam Milliy Universiteti (Chonnam National University) bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. 

Kelishuvlar va Memorandum doirasida quyidagi sohalardagi hamkorlik nazarda tutilgan: talabalar, ilmiy-pedagogik va boshqaruv mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvlari, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishga qaratilgan choralar, jumladan eng yangi dasturlar va uslublarni joriy qilish, hamkorlikda tadqiqotlar, konferensiyalar, ko‘rgazma va seminarlarni amalga oshirish, maktabgacha ta'lim mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha maxsus qo‘shma magistrlik va doktorlik dasturlarini tashkil etish, shuningdek O‘zbekistonda eksperimental ravishda Koreya tizimiga asoslangan eksperimental bog‘chalarni tashkil etish kabi muhim vazifalar nazarda tutilgan.