O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “tarixiy burilish yasovchi” davlat tashrifi mana bir necha kundirki Koreya Respublikasidagi yirik televizion, bosma va elektron media ommaviy axborot vositalari diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Koreys OAV davlat tashrifini keng yoritmoqda. Milliy telekanallarning jonli efirlarida davlat tashrifi dasturi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar namoyish qilinmoqda. Muhim tahliliy telereportajlar va kengaytirilgan maqolalar tayyorlanmoqda.
Koreys jurnalistlari o‘z maqolalarida ikki davlat yetakchilari o‘rtasida o‘rnatilgan ishonch va o‘zaro hurmatning beqiyos darajada ekanligiga urg‘u bermoqda. Natijada davlat tashrifi davomida o‘zaro hamkorlikning salmoqli sohalari bo‘yicha muhim shartnoma va kelishuvlar imzolandi.
Koreyalik tahlilchilarning fikriga ko‘ra, mazkur davlat tashrifi O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni yangi sifat bosqichiga ko‘taradi.
Koreys mutaxassislari o‘z tahliliy materiallarida Koreya Prezidenti O‘zbekiston bilan munosabatlarga strategik ahamiyat qaratayotganini ta'kidlashib, “Koreya O‘zbekistonni Yevroosiyo mamlakatlariga nisbatan yangi tashqi siyosatining markaziga "qo‘yganligi” e'tirof etishmoqda.
Mutaxassislar yana shuni ham e'tirof etishadiki, O‘zbekiston mintaqadagi muhim hamkor sifatida, koreys sarmoyadorlari uchun e'tiborga molik manzil sanaladi. Bundan davlat tashrifi doirasida imzolangan savdo-iqtisodiy hujjatlarning salmoqli paketi ham dalolat berib turibdi.
Quyida Koreyadagi yirik media manbalarda Prezidentimizning davlat tashrifiga bag‘ishlangan turli materiallardan ba'zi iqtiboslarni keltirib o‘tiladi.
“Mun Chje In O‘zbekiston uning yangi “Yevroosiyo” siyosati markazidan joy olganini ta'kidladi" sarlavhasi ostidagi maqoladan:
(Yonhap News yetakchi internet-manbasi, 23.11.2017y.)
“Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In O‘zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarning kelajakdagi rivojini ta'minlovchi chora-tadbirlarning kuchaytirilishiga va'da berdi va respublika “uning Yevroosiyo mamlakatlari bilan munosabatlariga bog‘liq yangi tashqi siyosatining markazida joylashganini” ta'kidlab o‘tdi.











