Jamiyat | 11:50 / 24.11.2017
30864
5 daqiqa o‘qiladi

«Uzr, shunday bo‘lib qoldi». Amerikalik aybi isbotlanmagan holda qamoqda 39 yil o‘tirdi

Foto: TVI24 CANAL OFICIAL / Youtube

AQShning Kaliforniya shtatida 70 yoshli mahbus Kreyg Kouli ozodlikka chiqarildi. U qo‘sh qotillik uchun aybdor deb topilib, qamoqxonada 39 yil o‘tirgan. Shtat gubernatori Jyerri Braun yangi surishtiruvdan so‘ng uni afv etgan: surishtiruvga ko‘ra sudlanuvchini ayblash uchun dalillar yetarli bo‘lmagan.

Kreyg Koulini 24 yoshli Ronda Uicht va uning 4 yoshli o‘g‘li Donaldning o‘ldirilishida ayblab, sudlangan edi. O‘ldirilganlarning jasadi ularning Kaliforniyadagi Simi-Velli shaharchasidagi uyidan 1978 yilning 11 noyabrida topilgandi. Ronda Uichtning nomusiga tajovuz qilingan, kaltaklangan va makrame to‘qish uchun mo‘ljallangan arqon yordamida bo‘g‘ib o‘ldirilgan edi. Uning o‘g‘li ham bo‘g‘ilgan.

Kouli Ronda Uicht bilan ikki yilcha uchrashib yuradi va qotillikdan biroz avval munosabatlariga nuqta qo‘yishadi. Uni jasadlar topilgan kuniyoq gumonlanuvchi sifatida hibsga olishadi.

1979 yilda sud bo‘lib o‘tadi va unda sud maslahatchilarining ovozi bo‘linadi. Yangi sud majlisi e'lon qilinadi va 1980 yilning yanvarida Kreyg Kouli aybdor deb topiladi. Unga muddatidan oldin ozod qilinish huquqisiz umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Apellyatsiya sudi hukmini o‘z kuchida qoldiradi.

Qoralovchi tomon sudda qotillik yuz bergan tunda Ronda Uicht uyi oldida Kreyg Koulinikiga o‘xshash mashinani ko‘rishganini ro‘kach qiladi. Uning uyida tintuv o‘tkazilganida qon dog‘lari bo‘lgan sochiq va futbolka topiladi. Prokuror ham sudda Ronda Uicht u bilan aloqalarni bas qilish haqida gapirganidan so‘ng Kouli tushkunlikka tushib qolganini ta'kidlaydi.

Ayblanuvchining advokatlari ming shikoyat qilishmasin, politsiya qolgan uch gumondorni tekshirib ham o‘tirmaydi. Ronda Uichtning oyisi Kreyg Kouliga xuddi o‘g‘lidek munosabatda bo‘lgani, boshqa guvohlar esa u Donald Uichtga ikkinchi otadek bo‘lganini tasdiqlashadi.

Ronda Uicht va o‘g‘lining o‘ldirilishi bilan bog‘liq yangi surishtiruvlar 2016 yilning oktabrida boshlanadi. O‘shanda Simi-Velli politsiyasi rahbari Devid Livingston iste'fodagi detektiv Mayk Bender bilan suhbatlashib qoladi va u voqeani esga olib, Kreyg Koulining aybdorligiga shubha qilishini bildiradi. Surishtiruv mobaynida ilgari yo‘qolib ketgan yoki yo‘q qilingan deb hisoblangan, lekin xususiy laboratoriyada saqlanib kelinayotgan biologik namunalarning DNK tahlili o‘tkaziladi.

Ekspertizaning ko‘rsatishicha, saqlanib kelinayotgan namunalarda Kreyg Koulining DNKsi izlari yo‘q, lekin boshqa insonlarniki topilgan. Ularning shaxsi aniqlangani yoki yo‘qligi haqida politsiya hech narsa ma'lum qilmagan.

Foto: Simi Valley Police Department

Simi-Velli politsiyasi rahbari Devid Livingston Kreyg Koulini afv etishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida. 2017 yil 21 noyabr

Yangi surishtiruvdan so‘ng Simi-Velli politsiyasi va okrug prokuraturasi Kreyg Koulini afv etish haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatlashadi. Ishni ko‘rib chiqqan Kaliforniya gubernatori Jyerri Braun mahbusni zudlik bilan ozod qilishga buyruq beradi. Afv etish haqidagi qaroriga izoh berar ekan, gubernator o‘tgan 39 yil ichida Kouli namunali mahbus bo‘lgani, qamoqxona rejimini biror marta buzmagani, o‘zini to‘liq dinga bag‘ishlaganini aytib o‘tgan. «Mister Kouli uzoq va adolatsiz qamoq jazosini insoniylik obro‘siga gard tekkizmasdan boshdan kechirdi», — degan Braun. Butun jazo muddati davomida mahbus aybsiz ekanligini ta'kidlab kelgan.

«Bu fojiali hodisa. Aybsiz ayol va uning bolasi o‘ldirilgan. Kreyg Kouli o‘zi sodir etmagan jinoyati uchun qamoqxonada 39 yil o‘tirgan. Haqiqiy qotil yoki qotillar odil sudga ro‘baro‘ bo‘lmagan», — deyiladi Simi-Velli politsiyasi va okrug prokuraturasi qo‘shma bayonotida.

Mavzuga oid