01:34 / 25.11.2017
20247

Amerikalik odam savdosi uchun 472 yilga qamaldi

Foto: CNN

Ayollar va qizlarni keyinchalik jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida o‘g‘irlagan va sotgan amerikalik erkak 472 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ushbu hukmni Denver shahri (Kolorado shtati) sudi chiqardi.

Ma'lum qilinishicha, sudlanuvchi – 31 yoshli Brok Frenklin bu turdagi jinoyat uchun AQSh tarixida eng uzoq davom etuvchi qamoq jazosini o‘tashiga to‘g‘ri keladi.

“400 yillik qamoq jazosi – biz odamlar ustidan bunday zo‘ravonlikka boshqa chidab turmasligimiz haqida butun mamlakatga ogohlantiruvchi signaldir”, deb aytgan shtat bosh prokuraturasi vakili Janet Dreyk. Uning aytishicha, sudlanuvchi 30 ta modda bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Sudlanuvchi odamlar savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruhning yetakchisi bo‘lgan. Guruh a'zolari jabrdiydalar bilan Facebook’da muloqot olib borib, ularni turli “ezgu bahonalar bilan qarmoqqa ilintirishgan”. So‘ngra ularni uxlatib, internet orqali onlayn rejimda mijozlarga pullaganlar. Guruh 7 kishidan iborat bo‘lgan, ulardan 4 nafari aybdor deb topilib, turli qamoq muddatlariga mahkum qilingan. 

Xalqaro mehnat tashkilotining baholashicha, dunyoda 21 mln. kishi qul qilib ishlatiladi. Ulardan 11,4 mln. nafarini (55 foiz) ayollarni tashkil qiladi. Qul ayollarning 90 foizi jinsiy ekspulatatsiya qilinadi. Qullikda ushlanayotgan bolalar soni esa 26 foizni tashkil qiladi.

Odam savdosi muammosi deyarli har bir davlatda mavjud. Yevroparlament komissiyasining hisob-kitobiga ko‘ra, Yevropada millionga yaqin odam qullik sharoitida yashamoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda qullik jabrdiydalari Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda eng ko‘p mujassamlashgan, ular 11,7 mln. kishini tashkil qiladi.

Mutaxassislarning fikricha, odam savdosi uyushgan transmilliy jinoyatchilik xarakteriga ega bo‘lib, daromadliligi bo‘yicha giyohvandfurushlik va qurol sotishdan qolishmaydi. Bunday jinoyatchilikdan olinadigan bir yillik daromad 150 mlrd. dollarni tashkil qiladi.

Mavzuga oid
Top