21:24 / 25.11.2017
28736

Fotoreportaj: “Navbahor” kichik sensatsiyalar qayd etgan o‘yinda muxlislik shavqi

Foto: KUN.UZ

Futbol haqidagi maqolalarda o‘yin tafsilotlari yoritiladi. Mazkur material esa noan'anaviyroq. Biz futbolning o‘yinchilari bilan birgalikda, teng ma'nodagi asosi bo‘lgan muxlislarga to‘xtaldik. Axir, ishqibozlarsiz futbol, futbol bo‘libdimi? 

Namanganning “Navbahor” jamoasi so‘ngi turda “Nasaf” jamoasini qabul qilib ikkita kichik sensatsiya qayd etdi.

Birinchisi, 2017 yilgi Oliy liga mavsumida "Lochinlar" o‘z maydonida mag‘lubiyat nimaligini bilmagan yagona jamoa bo‘ldi. Ilhom Mo‘minjonov shogirdlari o‘z maydonida o‘tkazgan 15ta o‘yinning 10tasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, yana 5ta o‘yinda durang natija qayd etdi. Ikkinchisi, “Navbahor” so‘ngi yillar davomida yana bir bor kuchli beshlikka kirdi.

Jamoa u qadar kuchli tarkibga ega bo‘lmasada, uni doim dadillikka undovchi zo‘r va baquvvat homiysi, do‘sti-qadrdoni bor. Bu uning ishqibozlaridir. Bugungi o‘yinni ham stadiondan 9 mingga yaqin muxlis kuzatib bordi. Futbol esa tomoshabinlar bilan qiziq. Agar to‘p o‘yinida ishqibozlar bo‘lmasa, u xuddi go‘shangada yolg‘iz o‘tirgan kelinchakka yoki bir poyi yo‘q poyafzalga o‘xshaydi.

O‘yin so‘ngida “Navbahor” futbolchilari ishqibozlarni, muxlislar esa futbolchilarni olqishladi. Chempionatda kumush medalni qo‘lga kiritgan “Nasaf” futbolchilari ham qarsaklar sadosi ostida maydonni tark etdi. Shunday bo‘lishi ham kerak. “Ikki yorti, bir butun” deydilar.

Quyidagi, fotomaqola ham aynan klubning futbol ishqibozlariga bag‘ishlanadi.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov.
Muallif olgan suratlar

Top