Samarqand viloyat matbuot markazida «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi tomonidan 2017–2018 yillarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda jurnalistlar, elektr energiyasi ta'minoti korxonalari xodimlari va tumanlardan vakillar ishtirok etishdi.

Anjumanni «O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimov kirish so‘zi bilan ochdi.

R.Rayimov viloyatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani yuzasidan transformator podstansiyalari yangilanayotganini aytib o‘tdi. Jumladan, «Cho‘ponota» podstansiyasiga ikkita 200 MVtlik yangi transformator podstansiyasi o‘rnatilgani, Samarqand shahrida magistral elektr tarmoqlari uchun ikkita 200 MVtlik yangi transformator o‘rnatilgani ta'kidlandi.

Kattaqo‘rg‘on hududida ham xuddi shu quvvatdagi transformator podstansiyasi keltirib, o‘rnatish loyihalashtirilayotganini aytib o‘tdi. Magistral elektr tarmoqlari to‘liq yangi transformator podstansiyalari bilan jihozlanib bo‘lgach, elektir energiyasi uzatishda umuman uzilishlar bartaraf etilishi ta'kidlandi.

«Galdagi vazifa Samarqand tumani – Afrosiyob hududi tarmoqni yangilash bo‘ladi. U yerga 2 ta 40 MVtlik transformator o‘rnatildi. Yana bir og‘ir hudud, keyingi yillarda elektrsizlikdan qishda juda qiynalgan tuman — Urgut tumanidir. Urgutda erkin sanoat zonasini uzluksiz tok bilan ta'minlash uchun bitta transformator ishlab turgan edi. Loyihalashtirish ikkita alohida yangi 25 MVtlik transformator podstansiyasi 10 dekabrgacha ishga tushiriladi», — dedi Ro‘ziqul Rayimov.

«Samarqand shahridagi «Bog‘ishamol» va Narpay tumanida esa «Tinchlik» podstansiyalari yangi 4 MVtlik podstansiyalarga almashtirilmoqda. Yillar davomida bunday katta hajmdagi ish qilinmagan edi. Viloyatda 8 ta yirik transformator podstansiyasi butkul yangisiga almashtirilmoqda».

«Samarqand viloyatida uluksiz elektr energiyasi ta'minoti bo‘ladimi?» degan savolga javob berishimiz kerak. Albatta, bunga erishsa bo‘ladi, lekin qars ikki qo‘ldan chiqishini unutmasligimiz lozim. Aholi ham iqtisod qilish, energiya tejovchi lampalardan foydalanish, to‘lovlarni vaqtida amalga oshirish kabi choralar bilan peshvoz chiqishi kerak.

Yaqinda Prezidentimiz bu sohada yana bir muhim qarorni imzoladi. Ikki stavkali tariflar borasida. Bizda eng qiynalayotgan qatlam aynan aholi qatlami. Chunki katta-katta zavodlarimiz, ishlab chiqaruvchi korxonalar uzluksiz, to‘liq elektr energiyasi bilan ta'minlanadi. Eng ko‘p elektr energiyasi sarf qilinadigan soatlar kechki soat 6 dan 9 gacha, ertalabki soat 6 dan 8 gacha — mana shu 5 soatlik tig‘iz vaqt ichida elektr energiyasi bilan to‘liq ta'minlanishi kerak. Bu borada ham muayyan ishlar amalga oshirib borilmoqda».