13:38 / 26.11.2017
17478

Zangiotalik yolg‘on bosqinchilikni sahnalashtirdi

Foto: tashvil.uz

Zangiota tumanida yashovchi uy bekasi I.A. 2017 yil 20 noyabr kuni soat 12:30 larda tuman IIBga murojaat qilib, uning uyida o‘g‘irlik sodir etilganini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2 nafar noma'lum shaxs uyda yakka o‘zi bo‘lganligi va eshigi ochiqligidan foydalanib, yuzlariga qora rangli niqob kiygan holda erkin yo‘l bilan kirib, qora rangli qo‘lqop kiygan holda pichoq bilan qurollanib, uni urishgan. Tan jaroxati yetkazgach, qo‘l-oyoqlarini arqon bilan bog‘lab, og‘ziga skotch yopishtirib, yotoqxonasidagi shkaf ichidan umumiy narxi taxminan 3.200.000 so‘m bo‘lgan 1 juft ayollar tilla ziragi, 1 dona ayollar tilla nikoh uzugi va 1 dona oq toshli ayollar tilla uzugini olib, voqea joyidan yashiringanlarini xabar bergan. Bu haqda Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati KUN.UZ’ga xabar bermoqda.

Ushbu holat yuzasidan noma'lum shaxslarga nisbatan O‘zR JKning 164-moddasi, 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida I.A. turmush o‘rtog‘i to‘y qilish uchun qarz olganligi sababli uyida xech kim yo‘qligidan foydalanib, omborxonasidan skotch olib chiqib, parda shnuri bilan oyoqlarini bog‘laganligi, qo‘llarini USB kabeli bilan bog‘lab, og‘ziga skotch yopishtirgani aniqlangan. Zangiota tumanida yashovchi, qarindoshi I.N. xabar olish uchun I.A.ni uyiga chiqqanda uning ahvolini ko‘rgan va qo‘llarini yechib, nima bo‘lganini so‘raganida yuzlariga niqob kiygan 2 noma'lum shaxs uyiga bostirib kirib, oyoq-qo‘llarini bog‘lagani, yuqorida ko‘rsatilgan tilla-taqinchoqlarini olib ketganligini aytgan. Shundan so‘ng ular tuman IIBga murojaat qilishgan.

Aslida esa,  I.A. yuqoridagi bosqinchilik holatini o‘zi o‘ylab topgan bo‘lib, tilla-taqinchoqlarini sotib, turmush o‘rtog‘ining qarzini to‘lash uchun bermoqchi bo‘lgan va yotoqxonasidagi yumshoq o‘yinchoqni yirtib, ichiga tilla-taqinchoqlarini yashirib qo‘ygan. Tergov jarayonida I.A. yolg‘on ko‘rsatma berganligidan afsusdaligini ma'lum qilgan.

Hozirda fuqaro I.A. yolg‘on xabar berganligi uchun JKning 237-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortish masalasi bo‘yicha dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda. 

Top