19:40 / 27.11.2017
10011

3D-bosma qo‘llangan holda ilk jarrohlik operatsiyasi amalga oshirildi

Foto:hi-news.ru

Uch o‘lchovli (3D) bosmaning tibbiyotda qo‘llanishi haqida anchadan beri gapirib kelinmoqda va bu mavzu bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilgan. Shina Plus portalining ma'lum qilishicha, Xitoyning Chuntsin shahridagi shifoxonada 84 yoshli bemorda 3D-bosma qo‘llangan holda dunyodagi ilk operatsiya o‘tkazildi.

Yangi texnologiya qo‘llangan operatsiya artritdan aziyat chekuvchi qariyaning tizza bo‘g‘imida o‘tkazildi. Statistikaga ko‘ra, 50 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan odamlar orasida artrit bilan kasallanganlik 62 foizga yetadi. Bugungi kunda kasallikning kechki bosqichlarida yagona yechim shikastlangan bo‘g‘imni to‘liq almashtirish hisoblanadi. Biroq bu har doim ham samara bermaydi. 

Professor Yan Lyuning aytishicha, tizza bo‘g‘imining to‘liq almashtirilishi artritning kechki bosqichlaridagi eng samarali davolash usuli hisoblanadi, chunki u bemorlarning og‘riqlarini kamaytirishi va turmushlarini yaxshilashi mumkin. Biroq, operatsiyadan keyingi infeksiyalar yoki boshqa sabablarga ko‘ra bo‘g‘im atrofidagi suyaklarda nuqsonlar vujudga kelishi mumkin. Ularning shakli kuchli farq qiladi va mavjud usullar bilan bu nuqsonlarni to‘g‘rilashning imkoni yo‘q.

Shu sababli asoratlardan qochish uchun, 84 yoshli bemorning tizzasidagi nuqson noyob tantal metali bilan to‘ldirilgan. Bu metall stomatologik va jarrohlik implatantlarida qo‘llanadi. Tantalning ko‘proq titan bilan qotishmasidan foydalaniladi, chunki tantalning o‘zi yuqori haroratlarda eriydi. Bu cheklovni yengib o‘tish uchun maxsus yostiqchalar shaklidagi g‘ovaksimon tantal yaratildi. Bu tantal bemor uchun individual ravishda, avtomatlashtirilgan loyihalash va yuqori aniqlikdagi 3D-bosma yordamida yaratilgan va bosilgan. Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, bunday operatsiya ancha oson o‘tkaziladi, bemor esa operatsiyadan keyingi kuniyoq oyog‘ini bemalol harakatlantira oladi. 

Top