Ispaniya chempionatining 13-turida, nafaqat turning, balki mavsumning muhim o‘yinlaridan biri bo‘lgan «Valensiya» va «Barselona» uchrashuvida g‘olib aniqlanmadi. Hakam kataloniyaliklar jamoasining toza golini hisobga olmadi va uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
«Valensiya» – «Barselona» – 1:1 (0:0)
Gollar: Rodrigo, 60 (1:0). Jordi Alba, 82 (1:1).
«Valensiya»: Netu, Montoyya, Gabriel Paulista, Garay (Vezu, 86), Xose Gayya, Soler (Mina, 89), Parexo, Kondogbya, Gonsalu Gedesh, Rodrigo (Pereyra, 82), Dzadza.
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu (Aleysh Vidal, 80), Fermalen, Yumtiti, Jordi Alba, Rakitich (Deulofeu, 68), Buskets, Inesta (D..Suares, 72), Messi, L.Suares, Paulinyu.
Ogohlantirishlar: Kondogbiya, 32. Gabriel Paulista, 44. Rodrigo, 74. Pereyra, 89.
Hakam: Iglesias Vilyanueva.
26 noyabr. Valensiya. Mestalla stadioni.
«Valensiya» bosh murabbiyisiz harakatlangan bo‘lsada, mavsumdagi mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirdi va turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan katalonlardan ochko tortib oldi. Aslida kim kimdan nima tortib oldi, quyida ko‘rib chiqamiz.
Tomonlarning yo‘qotishlari

O‘tgan turda «Real» va «Atletiko» o‘zaro o‘yinda ochko yo‘qotishidan keyin «Valensiya» «Barselona» uchun asosiy raqobatchiga aylangandi. O‘zaro o‘yinda kataloniyaliklar g‘alaba qozonish orqali bu raqibni ham ortda qoldirib ketishi (7 ochko) mumkin bo‘lardi.
Mavsumda qatorasiga 8 o‘yinda g‘alaba qozonib kelgan «ko‘rshapalaklar» bu turda to‘qqizinchi g‘alabaga ham ishtiyoq ko‘rsatishdi. Bu jamoa hujumchisi Simone Dzadza ham Messidan keyin (13) ichki chempionatda ikkinchi to‘purar bo‘lib turibdi (9). Uning hujumdagi sherigi Rodrigo 8 gol va 7 golli pas muallifi sifatida Yevropadagi eng sermahsul futbolchi. U biroz oldinroq «Mestalya»da 2022 yilgacha qolishga rozi bo‘lgan va yangi shartnomaga imzo chekkandi.
Bu uchrashuvdan oldin «Valensiya»ning yagona yo‘qotishi - murabbiy Marselino bo‘ldi. U o‘tgan turda «Espanol»ga qarshi o‘yinda hakam bilan tortishgani uchun maydondan chetlatilgan va diskvalifikatsiya qilingandi. U bilan birga o‘g‘li Serxio Garsiya ham chetlatilgan, hakam Ernandes Ernandes protokolda u o‘ziga so‘kingani haqida yozgandi.
























