Surxondaryoda 9 yil davomida 49 marta ko‘rilgan sud ishini jamoatchilik hal qildi
Surxondaryoda 9 yil davomida sudlarda 49 marotaba ko‘rilgan ish jamoatchilik ishtirokida hal etildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” gazetasi xabar qilgan.
Sherobod tumanidagi Poshxo‘rt qishlog‘ida yashovchi To‘xta Abdurahmonov akasining o‘g‘li turarjoysiz qolganini ko‘rib, oila a'zolari bilan to‘ng‘ich o‘g‘lining uyiga ko‘chib o‘tadi, o‘zinikini esa vaqtincha foydalanish uchun jiyani Sherali Abdurahmonovga bo‘shatib beradi. “Ammo yaxshilik yomonlik tomon yuz burdi. Sherali aka andishasizligimi yoki shayton qutqusi sababmi, nima bo‘lganda ham, odamgarchilikni bir chetga surib, nochor qolganida yordam qo‘lini cho‘zgan, mehr-oqibat ko‘rsatgan amakisiga tegishli uyni o‘ziniki qilib olishga intildi, xiyonat ko‘chasiga qadam qo‘ydi”, deb yozadi gazeta.
— To‘ng‘ich akam Tursunboyni otamdek ulug‘ bilardim, jiyanlarimni esa farzandlarimdan kam ko‘rmasdim, — deydi To‘xta Abdurahmonov. — Yaxshilikning mukofoti yaxshilik, deyishardi. Afsuski, har doim ham shunday bo‘lavermas ekan. Bizga tegishli bo‘lgan uyni o‘ziniki qilib olmoqchi bo‘lgan jiyanimning oqibatsizligi qalbimni qattiq jarohatladi. Natijada 2009 yili insultga chalinib, 1-guruh nogironi bo‘lib qoldim. Tamagirligi tufayli jiyanim nomiga soxta kadastr hujjatlarini tayyorlab bergan, bizni yillar davomida ovorayu sarson etgan kimsalarning qilmishi, ayniqsa, fuqarolik sudining adolatsizligidan tinka-madorim quridi.
Gap shundaki, To‘xta Abdurahmonov Poshxo‘rt qishlog‘ida joylashgan 8 sotix yer maydoniga ega 5 xonali uyda oila a'zolari bilan 1979 yildan buyon yashagan. Amakisiga tegishli uyni vaqtincha foydalanish uchun olgan Sherali Abdurahmonov esa soxta hujjatlarni ro‘kach qilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudiga uy-joyga egalik qilish huquqini berish to‘g‘risidagi da'vo arizasi bilan murojaat etadi. Sud 2013 yil 22 yanvarda bu da'voni qanoatlantirib, hal qiluv qarorini chiqargan. Biroq fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudi kassatsiya instansiyasining 2013 yil 20 avgustdagi ajrimiga binoan, Termiz tumanlararo sudining ushbu qarori butunlay bekor qilingan. Shundan so‘ng mazkur masala sud mahkamalarida koptok to‘pidek “tepildi”.
To‘xta Abdurahmonovning turmush o‘rtog‘i Oyimsoch Ashurovaning aytishicha, u viloyat Xalq qabulxonasiga murojaat qiladi. Qisqa fursatda viloyat hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda adliya boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhi masalani mahalla jamoatchiligi bilan o‘z joyida atroflicha o‘rganib chiqdi. Jamoatchilik asosidagi muhokamalar masalaga oydinlik kiritdi: bizga o‘z uyimizning eshiklari ochib berildi.
Nizoli uy haqiqatan ham To‘xta Abdurahmonovga tegishli ekanligi haqida hujjatlar, guvohlar ko‘rsatmasi hamda Sherali Abdurahmonovning bunga iqrorligi masalani oydinlashtirdi. Pirovardida Sherobod tumani hokimi qaroriga asosan, fuqaro Sherali Abdurahmonov va uning o‘g‘liga mahalla hududidan har biriga 6 sotixdan yer ajratilib, homiylar ko‘magida yangi uy qurishga kelishib olindi.
“Nizoli uy bo‘yicha jabrlanuvchi tomonidan sudga taqdim qilingan ma'lumotlar hamda da'vogar qo‘lidagi soxta kadastr hujjatlaridagi chalkashliklarni obdan o‘rganib, yakuniy xulosa chiqarish uchun oliy ma'lumotli yurist yoki bo‘lmasa, juda malakali sudya emas, oddiy maktab o‘quvchisining ham zehni yetarli edi. Shunday bo‘lsa-da, “Ushbu masalada adolatli va yakuniy qaror chiqarish, odil sudlovni qaror toptirish o‘rniga shuncha yillik ovoragarchilikdan kim manfaatdor edi?” degan haqli savol tug‘iladi. Bunday loqaydlik, beparvolik hamda mas'uliyatsizlik ortidan qanchadan-qancha fuqarolar aziyat chekayotgani sir emas-ku!..”, deb xulosa qiladi gazeta.
Mavzuga oid
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024