Kataloniyaning «Barselona» klubi hujumchisi Lionel Messi klub bilan tuzgan amaldagi shartnomasini 2021 yilga qadar uzaytirdi. Natijada u yana dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar reytingida yetakchi bo‘lib oldi.

Tribuna.Uz aqlbovar qilmas miqdorda maosh oladigan futbolchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Quyida eng boy 10 nafar futbolchi bilan tanishib olish mumkin. Ahamiyatli tomoni, reytingning yarmi Xitoy chempionatida to‘p suradigan futbolchilardan iborat.

10. Grasiano Pelle

Klubi: «Shandun Luneng», Xitoy
Yillik maoshi: 15 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 30 dekabr, 2018 yilgacha
Ronald Kuman Niderlandiya chempionatidan «Sauthempton»ga olib kelgan italiyalik saviya borasidagi kamtar hujumchi qisqa vaqtda Angliyada ham o‘zini ko‘rsata oldi. Lekin Pellening porlab chiqish 30 yoshdan keyin sodir bo‘ldi. Futbol ommasiga kech tanilgan futbolchiga kutilmaganda Xitoydan «yog‘li» taklif tushdi. Niderlandiyada oladigan maoshidan qariyb 20 baravar yuqori maosh uchun u shundoq ham so‘roq ostida bo‘lgan kelajagini almashtirib yubordi. Bugungi kunda Pelle Italiya terma jamoasidan umuman taklif olayotgani yo‘q, ammo Xitoyda yarim kuch bilan o‘ynab ham oyiga million yevrodan ortiqroq ishlab topmoqda.

9. Pol Pogba

Klubi: «Manchester Yunayted», Angliya
Yillik maoshi: 17 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 30 iyun, 2021 yilgacha
O‘z vaqtida ser Aleks Fergyusonning xatosi tufayli sotib yuborilgan Pol Pogbani ortga qaytarish «MYu» uchun juda qimmatga tushdi. Jamoa  transfer rekordini yangiladi. Qo‘shimchasiga Pogbani Angliyada eng ko‘p maosh oladigan futbolchiga aylantirdi. Agar xitoyliklarni hisobga olmaganda bugungi kunda Pol dunyoning eng ko‘p maosh oladigan 5 futbolchidan biri bo‘lib turibdi.