Keyin ma'lum bo‘lishicha, hakam futbolchining bunday harakati sababini to‘g‘ri tushungani uchun qaroridan qaytgandi. Rodrigo bu orqali urgan golini bir necha kun oldin vafot etgan «Valensiya»ning sobiq prezidenti Jayme Ortiga bag‘ishlagan.
Orti boshqaruvi davrida jamoa bir qancha yutuqlarga erishgandi. Uning boshqaruvidagi 3 yil ichida «Valensiya» ikki marta Ispaniya chempioni (2002, 2004), bir marta UYeFA Kubogi sohibi (2004) va bir marta UYeFA Superkubogi sohibi (2004) bo‘lgandi. U har safar muhim g‘alabalarni apelsinrang parikda nishonlashni odat qilgandi.
O‘tgan haftada «Sevilya» YeChLda «Liverpul»ga qarshi o‘yinda 0:3 hisobidan chiqib keta olgan va durangga erishgandi. Keyingi kuni ma'lum bo‘ldiki, jamoa bosh murabbiyi Eduardo Berisso rak xastaligiga chalingan. Murabbiy «Liverpul»ga qarshi o‘yin tanaffusida futbolchilarga bu haqda ma'lum qilgan, tanaffusdan boshqacha hissiyotlar bilan qaytgan futbolchilar esa «Liverpul»ni shunchaki «toptab tashlagandi». Yakshanba kuni esa ichki chempionatda yana bir iroda ko‘rsatildi.
«Vilyarreal»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida 0:2 hisobida ortda borgan jamoa o‘yinni 3:2 hisobidagi g‘alaba bilan yakunladi. Jamoasini ruhlantirib yuborgan, ularga oxirigacha kurashishni o‘rgatgan Berisso yaqin kunlarda operatsiya qilinadi.
«Real» va «Malaga» bahsi maydon egalari jamoasi muxlislarining hakamlarning adolatsizliklariga qarshi aksiyasi bilan boshlandi. Ular shunday bannerlar ko‘tarishdi va hayqiriqlar qilishdi: «Bunday hakamlik bizga kerak emas», «Futbol federatsiyasini poraxo‘rlardan tozalang» kabi. «Qirollik klubi» va klub muxlislari keyingi vaqtlarda hakamlarga ko‘p e'tibor qaratishmoqda. Klub hakamlarning xatolaridan jabr ko‘rayotgani iddao etilmoqda. Bu aksiya o‘z samarasini berdi deyish mumkin: O‘yin oxirida «Real» «Malaga» darvozasiga penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi (haqli), bu chempionatda ilk marta «Real» foydasiga penalti belgilanishi bo‘ldi. Ronaldu avvaliga to‘pni darvozaga kirita olmadi, ammo qaytgan to‘pga yana zarba berib, jamoasi g‘alabasini ta'minladi - 3:2. O‘yin davomida maydon egalari ikki marta oldinda borgan, ammo «Malaga» ikki marta hisobni tenglashtira olgandi.
Bu o‘yinda hakamlikdan norozi bo‘lishi mumkin bo‘lgan taraf - mehmonlar jamoasi edi. O‘yinning birinchi bo‘limi oxirida, hisob 2:1 bo‘lib turganida malagaliklarning goli inobatga olinmadi. Hakam «Real» jarima maydonida gol urish vaqtida qo‘pollik ishlatildi deb topdi va toza gol hisobga olinmadi.
Diyego Simeone shogirdlari klub tarixiga kirishdi. Grizman va Gemeyroning gollari safarda «Levante» ustidan 5:0 hisobidagi g‘alabani ta'minladi. Endi «matraschilar» jamoasi Ispaniya chempionatida safar o‘yinlaridagi g‘alabali seriyani 18 o‘yinga yetkazishdi (10 g‘alaba va 8 durang). Klub hali safarda buncha vaqt davomida bunchalik ko‘p ochko jamg‘armagandi. Bundan tashqari, madridliklar jamoasi shanba kungi g‘alaba orqali La Ligadagi eng yaxshi startini amalga oshirdi, 13 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya (7 g‘alaba va 6 durang). Bundan avvalgi eng yaxshi natija (12 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya) 1995-96 yilgi mavsumda qayd etilgandi. O‘sha mavsumda «Atletiko» oltin dubl qayd etgan - ham Ispaniya chempionatida, ham Ispaniya Kubogida zafar quchilgandi.
Ispaniya chempionati 13-tur o‘yinlari
Selta – Leganes – 1:0 (1:0)
Gol: Aspas, 27 – penaltidan.
Alaves – Eybar – 1:2 (0:1)
Gollar: Xoan Xordan, 33 (0:1). Sharles, 69 (0:2). Burgi, 90+1 (1:2)
Chetlatish: Santos (A), 45. Sharles (E), 83.
Real – Malaga – 3:2 (2:1)
Gollar: Benzema, 9 (1:0). Rolan, 18 (1:1). Kazemiru, 21 (2:1). Chori Kastro, 58 (2:2). Krishtianu Ronaldu, 76 (3:2).
Betis – Jirona – 2:2 (0:1)
Gollar: Portu, 45+1 (0:1). Guardado, 85 (1:1). Portu, 90+4 (1:2). Telo, 90+5 (2:2).
Levante – Atletiko – 0:5 (0:2)
Gollar: Rober, 5 – avtogol (0:1). Gameyro, 29 (0:2). Gameyro, 59 (0:3). Grizmann, 65 (0:4). Grizmann, 68 (0:5).
Deportivo – Atletik – 2:2 (1:1).
Gollar: Susaeta, 16 (0:1). Adrian, 35 (1:1). Inyaki Uilyams, 60 (1:2). Sher, 76 (2:2).
Real Sosedad – Las-Palmas – 2:2 (1:1)
Gollar: Tana, 21 (0:1). Villian Joze, 31 (1:1). Yanuzay, 62 (2:1). Vera, 67 (2:2)
Chetlatish: Odriosola (Real Sosedad), 90+4.
Vilyarreal – Sevilya – 2:3 (1:0)
Gollar: Bakambu, 19 (1:0). Bakka, 53 (2:0). Langle, 56 (2:1). Vaskes, 57 (2:2). Banega, 78 – penalti (2:3).
Chetlatish: Viktor Ruis (V), 77.
Valensiya – Barselona – 1:1 (0:0)
Gollar: Rodrigo, 60 (1:0). Jordi Alba, 82 (1:1).
Espanol – Xetafe 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 55 Moreno.