Samarqandga yetib kelgan Turkiyalik jurnalistlar uchun kecha ko‘hna va navqiron shaharning diqqatga sazovor qadimiy joylariga ekskursiya uyushtirildi.

Avvalo ular qadimiy shaharning bosh maydoni — Registonga borishdi. Ularga maydondagi madrasalarning yaratilish tarixi, ularda ishlatilgan yozuvlar va naqshlar haqida so‘zlab berildi. Koshinlarni bezab turgan naqshlarning qay tarzda yaratilishi ustaxonada ko‘rsatib berildi.

«Registon» maydonining ulug‘vorligidan hayratga tushgan «Yyeni birlik» gazetasi muxbiri Musa Alio‘g‘li shunday dedi:

— O‘zbekiston ota yurtimizdir, bu tabarruk zaminda bo‘lish biz uchun yuksak sharaf. Bizni qardoshlardek kutib olishgani va mehmondo‘stlik ko‘rsatilayotgani quvontirmoqda. O‘zbekiston bizga qardosh davlat. Til borasida ham biror qiyinchilik vujudga kelayotgani yo‘q. Hali samolyotda uchib kelayotib, samolyot sahnidagi jurnallarni varaqlab, o‘zbek tilida bitilgan matnni bemalol 70-80 foizini o‘qib tushunishimni angladim. Chunki o‘zbek tili turkiy tillar ichida Turkiya turkchasiga eng yaqin tillardan biri.

Go‘ri Amir maqbarasiga ham sayohat uyushtirildi. Mehmonlarga Amir Temurning turkiy xalqlar tarixida tutgan o‘rni haqida so‘zlab berildi.