11:50 / 29.11.2017
49261

Qabohat botqog‘iga botgan kuyov: Samarqandda mudhish qotillik yuz berdi

Farzandining baxtu iqbolini ko‘rishni xohlamaydigan ota-ona bo‘lmasa kerak. Shunday bo‘lgach, jigarbandi balog‘at yoshiga yetgan vaqtda uylantirish yoki turmushga berish payiga tushadi. Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi Samariddin Toshev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) qizining ko‘zi ojizligidan qanchalik iztirob chekkan bo‘lsa, vaqti soat kelib unga sovchilar kelganida shunchalar quvondi. Kuyov bo‘lmish Ahadjon Fozilovning o‘n sakkiz yoshda bo‘lishiga qarab o‘tirmadi. O‘zicha “tengi chiqsa, tekinga ber”, degan xalq naqliga amal qilib, to‘y harakatiga tushdi. To‘y bo‘lib o‘tgach, ancha xotirjam bo‘ldi. Samarqand shahridagi kvartirasini yoshlar ixtiyoriga berib qo‘ydi. Afsuski, uning bu xotirjamligi uzoqqa cho‘zilmadi. Kasalxonada davolanayotgan vaqtda qo‘ng‘iroq qilgan akasidan shum xabarni eshitdi-yu, boshidan hushi uchdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Avvaliga tinch-totuv yashagan ikki yosh ko‘p o‘tmay, arzimagan sabablar ustida janjallashadigan bo‘lib qolishdi. Aslida bunday kelishmovchiliklar deyarli barcha oilada bo‘lib turadi. Bunday vaziyatda er-xotindan biri ovozini balandlatsa, ikkinchisi past kelib, imkon qadar janjalning oldini olishi kerak. Qolaversa, bir kun janjal bo‘lgan xonadondan qirq kun baraka ketadi, degan gap ham bor. Ahadjon esa yoshlik qildimi yoki boshqa sabab bilanmi, xullas, bunday “g‘idi-bidi”larga toqat qilolmadi. O‘tgan yilning avgust oyida uydan bosh olib chiqib ketdi.

Turli ishlar bilan o‘zini ovutib yurar ekan, xotinini “yo‘q qilish” rejasini tuza boshladi. Avvaliga bu fikrni miyasidan chiqarib tashlashga harakat qildi. Biroq bora-bora qarori qat'iylashib, bu qabih ishdan o‘zini qaytara olmadi.

Umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan umr yo‘ldoshi ham birovning arzandasi ekanligi, birinchi guruh nogironligi, vaqti kelib unga otalik baxtini in'om etishi, qolaversa, bu ishi uchun jinoiy javobgarlik ham belgilanganligidan ko‘z yumdi. Achinarlisi, qabih ishini amalga oshirishda voyaga yetmagan o‘spirin – 2000 yilda tug‘ilgan Xursand Shavatovning yordamidan foydalandi, uni ham o‘zi qazigan chohga tushirdi.

X.Shavatovni boshlab uyiga kelgan erini xotini yaxshi kutib oldi. Dasturxon yozib, ovqat ham pishirdi. Tanavvul qilishganidan keyin televizor ko‘rib o‘tirgan Xursandni qoldirib, o‘zlari boshqa xonaga o‘tishdi. Birozdan keyin Ahadjon qaytib chiqdi va cho‘ntagidan kichkina pichoqcha olib, stol ustiga qo‘ydi-da, Xursandga o‘zi hozir kirib xotinini bo‘g‘ishini, u esa shu pichoqcha bilan uni o‘ldirishi kerakligini tayinladi. Shuningdek, televizorning ovozini ham balandlatib qo‘ydi. Darhaqiqat, ko‘p o‘tmay qo‘shni xonadan avvaliga shovqin, keyin Ahadjonning “Tez bu yoqqa kel”, degan ovozi eshitildi. Xursand shu zahoti pichoqcha bilan qurollanib, o‘sha tomonga otildi. U ichkariga kirganda, Ahadjon xotinini bo‘g‘ib turar, ayol esa qo‘lidan kelgancha unga qarshilik ko‘rsatardi. Xursand vaqtni o‘tkazmay, buyruqni bajarishga kirishdi. Shu vaqtda jabrdiyda jon holatda uning qo‘lidan pichoqchani tortib oladi. Xursand oshxonaga yugurdi. U yerdan boshqa pichoq olib kelib, yana ishga kirishdi. Keyin pichoqni Ahadjonga berdi...

Ayol jimib qolgach, hayvon qiyofasidagi bu kimsalar xonadagi shkaflarni titkilab, pul qidirishga kirishdi. Ko‘rpachalar orasidan 15 ming so‘m chiqdi. Pulni cho‘ntagiga solib, xotinining qulog‘idagi ziraklarni ham yechib oldi. So‘ngra yo‘lakda yotgan ko‘rpachani yoqib, juftakni rostlashdi. Uyni yoqib yuborsak, jinoyatning izi yopiladi, deb o‘ylashgandi, biroq...

Ko‘p o‘tmay, qo‘shnilar uydan tutun chiqayotganini payqab qolishdi. Eshikni har qancha taqillatishsa-da, hech kim ochmagach, yong‘in xavfsizligi bo‘limi hamda militsiyaga xabar qilishdi...

Sud tomonidan ojiz ahvoldagi fuqaroni qasddan o‘ldirgan Ahadjon Fozilovga 19 yil muddatga, Xursand Shavatovga esa 14 yil muddatga tarbiya koloniyalarida o‘tash sharti bilan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Top