27 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilingan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, departamentlar mudirlari, vazirlar, qo‘mita va kompaniyalar raislarining shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma'lum qildi.
Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari, hukumat apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining samarali va natijali ishini ta'minlash, ularning shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta shakllantirilib, yangi komplekslar va vazirlik tashkil etildi.
Qarorga binoan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbarlari lavozimlari kiritildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etildi.
Ushbu muhim o‘zgarishlarning sabablari haqida so‘z yuritar ekan, prezident quyidagi fikrlarga alohida urg‘u berdi.
Birinchidan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, mamlakat hududlarini rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalarini hal etishning shakllari va usullarini tubdan o‘zgartirish zarur.
Ikkinchidan, joriy yil mobaynida viloyatlar, shahar va qishloqlardagi aholining turli qatlamlari bilan o‘tkazilgan muloqotlar natijalari bo‘yicha har bir hudud, har bir oila, har bir fuqaroning hayotiy muammolarini hal qilishga yanada keng e'tibor qaratish kerak.
Uchinchidan, o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarish, zarur natijaga erishishni ta'minlamagani uchun turli bo‘g‘indagi rahbarlarni almashtirish, zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan, vatanga sadoqatli, fidoyi yoshlarga mas'uliyatli lavozimlarni ishonib topshirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
















