Surxondaryo viloyati 23-30 noyabr kunlari boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionatiga mezbonlik qildi. Qiziqarli va murosasiz janglar natijasiga ko‘ra, 10 vazn toifasida terma jamoaga munosib nomzodlar nomi ma'lum bo‘ldi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari bu safargi chempionatni o‘zgacha tarzda tashkil etishdi. Avvallari har bir vaznda viloyatlardan faqat bir nafar charm qo‘l qop ustasi chempionlik uchun ringga ko‘tarilgan bo‘lsa, bu safar necha nafar sportchi bo‘lishidan qat'iy nazar musobaqada ishtirok etish huquqi berildi.
Bir haftadan ortiq vaqt mobaynida o‘tish janglarida o‘z so‘zlarini aytgan bokschilar hal qiluvchi janglarda respublika chempionligi uchun bor imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qilishdi.

Shunday qilib, 49 kg vaznda Toshkent viloyati jamoasi a'zosi Xudoynazar Fayzov buxorolik Mironshoh Ibragimov bilan to‘qnash keldi. Uch raund davomida ikki bokschi ham bir-biriga imkoniyat bermaslikka harakat qildi. Janglar deyarli teng kurashlar ostida kechdi, yakunda Fayziyev oltin medal sohibi bo‘ldi.
52 kg vaznda andijonlik Hasanboy Latipoxunov Farg‘ona jamoasi sharafini himoya qilayotgan Abdullo Qo‘chqorov bilan bosh sovrin uchun bahs olib bordi. Jang Qo‘chqorovning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

56 kg vazn toifasida Rio olimpiadasi oltin medali sohibi buxorolik Shahobiddin Zoirov va poytaxtlik Abdulhay Shorahmatov to‘qnash keldi. Abdulhay raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatishga intilgan bo‘lsa-da, tajriba borasida ancha mahoratga ega bo‘lgan Shahobiddin Zoirov 5:0 hisobida raqibini mag‘lub etdi.
60 kg vaznda Toshkent viloyati vakili Shunqor Abdurasulov Buxoro jamoasi a'zosi Shukurjon Rahimov bilan uchrashdi. Yakunda Shunqor Abdurasulov terma jamoaning birinchi raqamli sportchilari qatoriga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi.
69 kg vaznda mezbon bokschi Mahmud G‘oipov va jizzaxlik Bobousmon Boturov o‘rtasidagi jang kutilganidek murosasiz kechdi hamda G‘oipov uch raund natijasiga ko‘ra 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.



















