17:25 / 30.11.2017
13648

Uzbekistan Airways dunyoning eng yaxshi aeroportlaridan biridan mutaxassislarni taklif qildi

Foto: O‘zbekiston havo yo‘llari

Janubiy Koreyaning «Inchxon» xalqaro aeroporti korporatsiyasining ikki maslahatchisi uch oy mobaynida poytaxt aeroportidagi «Toshkent-2» xalqaro yo‘llari terminalining ish samaradorligini oshirish ustida ish olib boradi. Bu haqda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK axborot xizmati xabar qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga qilgan davlat tashrifi doirasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK delegatsiyasi «Inchxon» xalqaro aeroporti (Incheon International Airport Corporation – IIAC) prezidenti Chuang Il-Yong bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida Toshkent aeroportidagi «Toshkent-2» xalqaro yo‘llari terminalining ish samaradorligini oshirish yo‘llari muhokama qilindi. Ikkala taraf o‘rtasida «Toshkent-2» xalqaro yo‘llari terminalining ishini yaxshilash bo‘yicha takliflarni tayyorlash uchun konsultant sifatida «Inchxon» xalqaro aeroporti korporatsiyasining mutaxassislarini jalb etishni ko‘zda tutuvchi O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Aeroport infratuzilmasini rivojlantirish va ekspluatatsiya qilish sohasida muhim tajriba va katta yutuqlarga ega «Inchxon» xalqaro aeroporti «O‘zbekiston havo yo‘llari»ga poytaxt havo maskanida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga yordam berishdan manfaatdor ekanligini izhor etdi.

Ko‘p yillik tajribaga va operatsion nou-xauga ega «Inchxon» aeroportining hamkorligi Toshkent shahridagi aeroportda servis sohasini yaxshilashga sezilarli yordam beradi.

Ma'lumot o‘rnida: «Inchxon» xalqaro aeroporti – dunyodagi eng katta va yo‘lovchisi eng ko‘p aeroportlardan biri hisoblanadi va yiliga 57 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. 2005 yildan boshlab, har yili «Inchxon» aeroporti Xalqaro aeroportlar kengashi talqini bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi aeroport deb e'tirof etilmoqda va Britaniyaning Skytrax tadqiqot kompaniyasi talqini bo‘yicha «Besh yulduz» yuqori reytingini olib kelyapti.

Mavzuga oid
Top