Navbatdagi uik-endda futbol muxlislarini nimalar kutmoqda? «Tribuna» Yevropa chempionatlarida navbatdagi turlar oldidan asosiy o‘yinlar anonsini taqdim etadi.

NAPOLI – YuVeNTUS (1 dekabrdan 2 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Katta o‘yinlar noodatiy tarzda bugundan boshlanadi. Jumadan shanbaga o‘tar kechasi Italiyada nafaqat turning, balki mavsumning eng markaziy o‘yinlaridan biri bo‘lib o‘tadi.

Nihoyat A Seriyada «Yuventus» odatlangan barqarorlikni namoyish qila oladigan kuch paydo bo‘ldi va «Napoli» turnir jadvalida turinliklarni 4 ochkoga ortda qoldirib ketmoqda. Natija nuqtai nazaridan neapoliklar «Manchester Siti», «PSJ» kabi jamoalar qatorida bo‘lsalar-da, Italiyada raqobat yanada yuqoriroq tempda bo‘lib o‘tmoqda, ya'ni birgina mag‘lubiyat bilan «Napoli» peshqadamlikni «Inter»ga topshirib qo‘yishi va «Yuventus»ni o‘ziga minimal masofada yaqinlashtirib qo‘yishi mumkin.

Chempionlar Ligasida qiyin ahvolda qolgan Sarri shogirdlari bor e'tiborlarini endi Skudettoga qaratishlari tabiiy va buning uchun eng jiddiy raqibini mag‘lubiyatga uchratish talab etiladi. Uxlab qolmang.  

PORTU – BeNFIKA (1 dekabrdan 2 dekabrga o‘tar kechasi, 01:30)

Portugaliya chempionatining eng markaziy o‘yini. Chempionlar Ligasida guruhdagi barcha o‘yinlarni boy berib, sharmandali natija qayd etish arafasida turgan «Benfika» qatorasiga besh o‘yinda g‘alaba qozonib, ichki chempionatdagi mavqeini biroz tiklab oldi. Shu darajadaki, agar bu o‘yinda yutadigan bo‘lsa, hatto 1-o‘rinni «Portu»dan tortib olishi mumkin.

2010 yildan buyog‘ini olsak, jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarda «Portu»ning ustunligi yaqqol bilinadi, o‘tkazilgan 21 o‘yindan 10tasida ular g‘alaba qozonishgan. Ammo so‘nggi ikki uchrashuvda bir xil 1:1 hisobi qayd etilgan. Yana bir shunday hisob Portugaliyaning boshqa bir yetakchi klubi «Sporting»ga qo‘l kelishi va lissabonliklar turnir peshqadamiga aylanib olishlari mumkin.

UOTFORD – TOTTeNHEM (2 dekabr, 20:00)

«Tottenhem» qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Angliya miqyosida o‘tkazilgan so‘nggi 6 o‘yinning atigi bittasida Pochettino shogirdlari g‘alaba qozondi. U ham bo‘lsa, turnir jadvalida so‘nggi pog‘onada borayotgan «Kristal Pelas» ustidan minimal hisobda qo‘lga kiritildi. Natijada Pochettino jamoasi Liga Kubogidan chiqib ketdi, APLda esa, 3-o‘rindan 7-o‘ringa tushib ketdi. Bunday pallada aynan «Uotford» maydoniga safar qilish u qadar qulay emas.