O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Avtomobil yo‘llarining arxitektura-landshaft konstruksiyasi va obodonlashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 11 sentabrdagi PQ-3262-son qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi huzuridagi «Uzavtoyo'lbelgi» davlat unitar korxonasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» 2017 yil 2 oktabrdagi 784-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 apreldagi 221-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 4-son, 48-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklandi.
O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 9-band quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
«9. Qo‘mita markaziy apparati, uning hududiy bosh boshqarmalari, tuman yo‘llardan foydalanish korxonalari, yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalari va ko‘priklardan foydalanish korxonalarining, shuningdek, «O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish» unitar korxonasi va uning hududiy bo‘linmalarining ta'minoti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi».
2. 10-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qo‘shildi:
«avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari o‘tkazilishini tashkil etish;
standartlashtirishga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiq yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari, yo‘llarda harakatlanishni tartibga solishning boshqa texnik vositalari ishlab chiqarilishini tashkil etish».

















