18:47 / 01.12.2017
16037

Buxoro-Miskin temir yo‘li qurilishining birinchi bosqichi yakunlandi

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Davlat rahbari Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Buxoro-Miskin yangi temir yo‘l qurilishida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar bilan tanishib, mazkur yo‘nalishdagi ishlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan qator taklif va tavsiyalarini bergan edi. Temiryo‘lchilar prezident tomonidan bildirilgan ishonchni oqlab, qisqa muddatda milliy va zamonaviy transport kommunikatsiya tarmog‘ining bir qismi Buxoro – Miskin temir yo‘li qurilishining birinchi bosqichini o‘z yakuniga yetkazishdi. 1 dekabr kuni yangi temir yo‘lni foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 13 martdagi «Buxoro — Miskin temir yo‘l liniyasini qurish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, mazkur liniyada bunyodkorlik ishlari jadal olib borildi. Inshootni sifatli, o‘z muddatida foydalanishga topshirish uchun 1500 nafardan ortiq ishchi-xizmatchilar, yo‘l qurilishi bilan bog‘liq soha mutaxassislari, 1000 dan ziyod qudratli mexanizmlar jalb etildi. 

Qurilish-montaj jarayonlari Buxoro tumanidan Miskin bekatigacha bo‘lgan oraliqda, bir vaqtning o‘zida har ikki tomonda olib borildi. Loyihani zamon talablari darajasida foydalanishga topshirish uchun respublikada hozirgacha amalga oshirilgan yirik loyihalar, jumladan, «Navoiy-Uchquduq-SultonUvaystog-Nukus», «Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on», «Angren – Pop» temir yo‘l qurilishlarida faol qatnashgan tajribali temiryo‘lchilar mazkur loyihaga biriktirilgan.

«Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan loyihalashtirilgan yangi temir yo‘lning umumiy uzunligi 355 km.ni tashkil etadi. Ayni paytda 335 km.ga po‘lat izlar yotqizildi, 20 kmda to‘liq ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, mazkur liniyada 121 ta sun'iy inshoot, 12 ta ko‘prik va 6 ta yo‘l o‘tkazgich qurib bitkazildi. 21,2 mln kubometr hajmdagi tuproq ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga ushbu yo‘nalishda 5 ta stansiya (Yangiobod, Tuztepa, Uchachik, Suzakdor, Dautepa) va shuncha raz'yezdlar (Mashak, Azanir, Alabuga, Jakasay, Akchuqa) ham barpo etildi. Mazkur loyiha hayotga tatbiq etilgach, poyezdlar harakati tezkorligi oshadi, ularning harakatlanish vaqti qisqaradi, umuman xalqimizga bir qator qulaylik yaratiladi. 

Dastlab, mazkur temir yo‘l liniyasi orqali yuk poyezdlar qatnovi amalga oshiriladi. Bu esa ushbu hududdagi qazilma boyliklarini o‘zlashtirish, ulardan samarali foydalanish va shu bilan birga yangi ishlab chiqarish korxonalarini ochishga zamin yaratadi. Shu kunga qadar poytaxtdan Urganchga qatnovchi poyezdlar 1064 kilometr yo‘l bosib «Navoiy – Uchquduq – Miskin» magistrali orqali harakatlanayotgan bo‘lsa, ushbu loyihaning qurib bitkazilishi bilan poyezdlar qatnovi qariyb 100 kilometrga yaqin qisqardi. Tabiiyki bu yo‘l uchun ketadigan vaqtni, yonilg‘ini va boshqa xarajatlarni tejashga zamin yaratadi. Ayni damda mamlakatimiz temir yo‘llarining umumiy uzunligi 6500 kilometrdan ortiq bo‘lsa, Buxoro – Miskin yangi temir yo‘li foydalanishga topshirilgandan so‘ng bu ko‘rsatkich qariyb 7000 kilometrga yetadi. Ushbu temir yo‘lning ikkinchi bosqichida elektrlashtirish ishlari amalga oshirilib, kelgusida mazkur temir yo‘l orqali elektropoyezdlar qatnovi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 

Bugun butun O‘zbekistonning hudud va mintaqalarini qamrab oladigan yagona milliy temir yo‘l tarmog‘i barpo etildi. Ular orqali yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovining yo‘lga qo‘yilishi kimlar uchun mo‘'jiza, ba'zilar uchun kutilmagan yangilik, yana birovlar uchun esa orzular ro‘yobi bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top