Jamiyat | 16:03 / 01.12.2017
6960
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvada o‘rta osiyolik terrorizmda ayblangan 12 shaxsdan biri 10 yilga qamaldi

Moskva okrug harbiy sudi o‘rta osiyolik terrorchilik tashkilotida ishtirok etganlikda ayblangan 12 kishidan birini o‘n yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida qaror chiqardi. Bu haqda sud matbuot kotibi Irina Jirnova TASS’ga xabar bergan.

"Harbiy sud Joobardek Toktomuratovni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205-5-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topdi hamda uni o‘n yilga ozodlikdan mahrum qildi", - deya aytib o‘tdi sud vakilasi. Uning qo‘shimcha qilishicha, jinoiy ish bir sud yig‘ilishi davomida, alohida tartibda ko‘rib chiqilgan.

O‘z navbatida himoyachi Dagir Xasavovning TASS’ga xabar berishicha, hukmdan ham ayblanuvchi, ham himoya tomoni norozi bo‘lgan. "Toktomuratov o‘z ko‘rsatmalarini ishni alohida tartibda ko‘rib chiqishlari va nisbatan yengilroq jazo berilishiga erishish maqsadida bergandi, biroq sud uni 10 yilga ozodlikdan mahrum etdi", - deya ta'kidlab o‘tdi Xasavov. "Rossiya Federatsiyasi Oliy sudining harbiy xizmatchilar ishlari bo‘yicha sud kollegiyasi 14 dekabr kuni bu hukmni qayta ko‘rib chiqadi", - deya xulosa qildi advokat.

Toktomuratovdan tashqari jinoiy ishda yana 11 kishi bor. Ularni hibsda saqlash muddati 6 dekabrga qadar belgilangan.

2016 yilning 7 dekabr kuni Moskvaning Meshchansk sudi tergovchi iltimosiga muvofiq 12 kishini Rossiyada taqiqlangan “Hizb ut-Tahrir” terrorchilik tashkilotida ishtirok etganlikda ayblab hibsga oldi. Moskva politsiyasi bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar terrorchilik tashkilotining rahbarlari va faol a'zolari bo‘lgan. Dastlabki ma'lumotga qaraganda, ayblanuvchilar 2016 yilning oktabr-noyabrida fuqarolarni Rossiya hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotga jalb etish bo‘yicha tashviqot mashg‘ulotlarini tashkillashtirganlar. Qo‘lga olingan shaxslarning yashash joylari tintuv qilindi, u yerdan ekstremistik adabiyotlar va materiallar topildi.

Ish materiallariga ko‘ra, ayblanuvchilar “Hizb ut-Tahrir” tashkiloti faoliyatida ishtirok etishganini rad qilishmagan, biroq uni terrorchilik deb hisoblamaydilar. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid