14:53 / 01.12.2017
11904

Sergelidagi sayyor sudda namunali uy-joy bilan bog‘liq firibgarlikka oid jinoiy ish ko‘rildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudi tomonidan tumandagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Unda endigina yigirma ikki bahorni qarshilagan Mirza Ahmad Atametovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi. 

Ko‘zlaridan o‘t chaqnab turgan, bilagi kuchga to‘la, navqiron bu yigit oson pul topish, o‘z nafsi yo‘lida o‘zgalarni aldab, mehnatsiz rohat ko‘raman, deb firibgarlikka qo‘l urdi. 

Toshkent shahar Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi M.Atametov joriy yilning 4 iyul sanasida fuqaro Shohrux Jo‘rayevga “Qishloq qurilish invest” mas'uliyati cheklangan jamiyatidan kreditga namunali uy-joyga shartnomani tez kunlarda olib berishni va'da qildi. Buning evaziga oldindan 600 AQSh dollari, keyinchalik esa 2 ming 500 AQSh dollari berishni talab qiladi. Jinoyatchi pulning bir qismini olgach, uni o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi. 

Sayyor sud ishida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari eshitildi. Sudda hozir bo‘lmagan guvohlarning ko‘rsatmalari esa o‘qib eshittirildi. To‘plangan dalillar yana bir bor ko‘zdan kechirilib, sudlanuvchining himoya va oxirgi so‘zlari tinglanib, hukm e'lon qilindi. 

M.Atametov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybdor, deb topildi. Unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. 

Top