O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mehnat munosabatlarini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 3 fevraldagi PF-4944-son Farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mehnat munosabatlarini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki hafta muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta'lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mehnat munosabatlarini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlari («Mahalla posboni» jamoat tuzilmasi rahbari, diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, mas'ul kotib va boshqalar) o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradilar.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va xodimlarining mehnat majburiyatlari va huquqlari, shuningdek, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat masalalari mehnat munosabatlarini tartibga soladigan normativ hujjatlarni hisobga olgan holda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan qabul qilinadigan va fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tasdiqlaydigan ichki hujjatlarda aniqlashtiriladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) fuqarolar yig‘ini vakolatlarini amalga oshirish maqsadida Fuqarolar yig‘ini kengashining qaroriga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini aholisini xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ayrim ishlarni bajarishga jalb qilish huquqiga ega.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) mahallalar hududida yashaydigan ishsiz shaxslarni jamoat ishlariga jalb qilish uchun ular bilan mehnat shartnomalari tuzish huquqiga ega va ularning mehnatiga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadi.