18:00 / 03.12.2017
24399

Afg‘onistonda «Tolibon» qo‘mondoni o‘ldirildi

Foto: STR / AP

Afg‘onistonda «Tolibon» harakati qo‘mondoni Mulla Shoh Vali o‘ldirildi. Bu haqda mamlakat xavfsizlik kuchlaridagi manbaga asoslangan holda Reuters xabar tarqatdi.

U harakatning «qizil otryad» nomli yaxshi qurollangan va yaxshi ta'lim ko‘rgan ilg‘or guruhlariga rahbarlik qilgan.

Shoh Vali Hilmand viloyatida afg‘on harbiy havo kuchlari tomonidan yo‘llangan zarbalar oqibatida halok bo‘lgan. Reuters agentligi bu hududni «tolibonlar uyasi» va narkotiklar savdosi markazi deb baholagan.

Afg‘onistonda toliblarga qarshi kurashda AQSh yaqindan yordam ko‘rsatib keladi. Avgust oyida AQSh prezidenti Donald Tramp bu mamlakatda harakatlar bo‘yicha yangi strategiya haqida e'lon qilgandi. Xususan, AQSh bu yerdagi harbiylari sonini oshirmoqchi. Bunga javoban «Tolibon» oxirgi amerikalik askar Afg‘onistonni tark etmagunicha kurashni davom ettirishini ma'lum qildi.

AQSh 2001 yili Afg‘onistonda 11 sentabr teraktiga javoban «Yengilmas ozodlik» shiori ostida harbiy harakatlarni boshladi va 10 yilga yaqin vaqt davomida faol harakatlar olib borildi. 2011 yilning iyulida koalitsiya harbiylari Afg‘onistondan olib chiqila boshlandi. 2014 yili AQSh va ittifoqchilar bir qator maxsus amaliyotlar amalga oshirilgach, urushning bu bosqichi yakunlangani haqida e'lon qildi.

Top