Light | 23:37 / 03.12.2017
131445
7 daqiqa o‘qiladi

Xurmoning foydali va zararli xususiyatlari

Foto: cdn.lifehacker.ru

Xurmo — mazali va foydali meva. Biroq uning salbiy xususiyatlari ham mavjud. "Layfxaker" xurmo mevasining foydali xususiyatlari va shu bilan birga zarari haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

Xurmo nimasi bilan foydali?

Qarishni sekinlashtiradi va ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi

Barcha apelsinrang mevalarda bo‘lgani kabi, xurmoda ham beta-karotin ko‘rinishidagi A vitamini ko‘p. Organizm 100 gramm xurmodan bu muhim elementning 12 foiz kundalik normasini olishi mumkin.

A vitamini — hujayralarni erkin radikallardan himoyalovchi, qarish jarayonini sekinlashtiruvchi va saraton xavfini kamaytiruvchi kuchli antioksidant.

Bu vitamin o‘tkir ko‘rish qobiliyati garovidir. Uning yetishmasligi insonning kechki payt va qorong‘uda ko‘rish qobiliyatining yomonlashuviga olib keladi.

Bundan tashqari, beta-karotin quyosh ostida kuyib ketmaslikka yordam beradi: u terini ultrafiolet nurlarning zararli ta'siri, qurish va yorilishdan himoyalaydi.

Shunisi muhimki, xurmoda A vitamini aynan beta-karotin ko‘rinishida bo‘ladi. Bu ko‘rish bilan bog‘liq muammolar, terining ko‘chishi, suyaklardagi og‘riqlar va buyraklar kasalliklarini keltirib chiqaruvchi dozani oshirib yuborish xavfini kamaytiradi.

Immunitetni mustahkamlaydi

Xurmo o‘z tarkibidagi yana bir antioksidant bilan maqtana oladi. Bu - immunitet himoyachisi sifatida mashhur C vitamini. 100 gramm mevada shu vitamin kundalik normasining 10 foizi mavjud, u shamollash va tumovning oldini olishda yordam beradi. U profilaktik vosita sifatida samara beradi. Agar yo‘tal va burun bitishi boshlanib bo‘lgan bo‘lsa, xurmo bularni bartaraf qilishga ojizlik qiladi.

Kayfiyatni ko‘taradi

Xurmoda monosaxaridlar: glyukoza va fruktoza ko‘p bo‘lgani uchun ham shirin. Bu shakarning eng foydali turi. U yurakni mustahkamlab, kayfiyatni ko‘taradi, qomatga esa saxarozachalik kuchli ta'sir ko‘rsatmaydi. Shunday ekan, xurmo - shokolad kabi antidepressant va tinchlantiruvchi hamdir, faqat kaloriyasi kamroq: 100 grammida atigi 60-70 kkal bor.

Kasalliklar bilan kurashadi

Xurmoda kaliy va magniyning ko‘pligi — tomirlar devori va yurak mushaklari mustahkamligi garovi.

Shishlarni ketkizadi

Xurmo peshob haydovchi xususiyatga ega, chunki unda suv ko‘p. U inson tanasidan ortiqcha suvlarni chiqarib, shishlarni ketkizishda yordam beradi. Bunda organizm kaliyni yo‘qotmaydi: bu makroelement xurmo tarkibida bor, shunday ekan, yo‘qotishlar to‘ldiriladi.

Xurmo nimasi bilan zarar?

Qabziyatni keltirib chiqaradi

Afsuski, xurmoning aks ta'siri ham bor. Tanin moddasining ko‘pligi qabziyatni keltirib chiqarishi mumkin. Bir necha yil mobaynida muntazam ravishda xurmo yeyish esa, hatto oshqozonda bezoarlar - yaxshi hazm bo‘lmaydigan moddalardan iborat zich pufakchalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Terining sarg‘ayishiga olib kelishi mumkin

Shuni yodda tutish lozimki, beta-karotinning organizmda haddan ziyod ko‘pligi terining sarg‘ayishiga sabab bo‘lishi mumkin, ayniqsa bolalarda shunday holat kuzatiladi. Bu sog‘liq uchun xavf solmaydi, haftasiga 2-3 kilogramm tarkibida karotin bo‘lgan mahsulotlarni iste'mol qilish terining sarg‘ayishiga olib keladi.

Nechta xurmo yeyish mumkin?

Xurmoni me'yorida iste'mol qilgan ma'qul. Sog‘lom katta yoshli kishilarga kuniga 4 tadan ko‘p bo‘lmagan xurmo mevasini yeyish tavsiya etiladi.

Xurmoning salbiy ta'sirlarini kamaytirish uchun faqat yaxshi yetilgan mevalarini yeng: ularda tanin kamroq.

Yaxshi yetilmagan xurmo mevalarini muzlatgichga joylansa, ular yetilib, shirinroq ta'mga ega bo‘ladi, salbiy ta'sir esa kamayadi. Mevadagi tanin miqdori kamayadi, shuning uchun ichak bilan bog‘liq muammolardan qo‘rqmaslik mumkin bo‘ladi.

Kimlar xavf guruhida?

Qabziyatga moyilligi bo‘lgan kishilar

Yopishqoq tanin oshqozondagi narsalarni "yopishtiradi". Bu xususiyat qabziyatni yengishga yordam beradi, biroq qabziyatga moyilligi bo‘lgan kishilarning ahvolini qiyinlashtiradi.

Ortiqcha vaznga ega kishilar

Foydali monosaxaridlar baribir qandligicha qoladi. Shu bois ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi kishilarga ko‘p xurmo yeyish tavsiya etilmaydi: kuniga 1-2 meva yetarli bo‘ladi.

Diabetiklar

Xurmo ikkinchi turdagi diabetda taqiqlanmagan, biroq kundalik norma bittadan ortiq bo‘lmasligi kerak, uni ratsionga sekin-astalik bilan, kichik bo‘lakdan boshlab kiritish lozim.

Har bir inson organizmi xurmodagi qand moddasiga turlicha reaksiya bildirishi mumkin, shuning uchun diabetiklar uning iste'moli borasida shifokor bilan maslahatlashganlari ma'qul.

Homilador ayollar

Xurmoni homiladorlik davrida yeyish mumkin, biroq yana o‘sha gap: uning tarkibida tanin va qand ko‘pligini unutmaslik kerak, zero bu ortiqcha vazn va qabziyat bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.

Shunday bo‘lsa-da, xurmoning homilador ayollar uchun foydasi ehtimoliy salbiy ta'sirlardan ustun. Vitamin va mikroelementlarga boy  xurmoni kuniga 1-2 tadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste'mol qilish ham ona, ham homila uchun foydali bo‘ladi.

Bolani ona suti bilan boquvchilar har qanday meva kabi xurmo ham bolada allergiya keltirib chiqarishi mumkinligini yodda saqlashlari lozim.

Bolalar

3 yoshgacha bo‘lgan bolalarning xurmo yeyishi nojoiz. Bunga ham tanin sababchi, u bolada qabziyatni keltirib chiqarishi mumkin.

Bolaning nozik ichak traktiga xurmoning qanday ta'sir ko‘rsatishini oldindan bilib bo‘lmaydi, shuning uchun 3-10 yoshli bolalarga ham xurmoni ehtiyot bo‘lib berish zarur. Agar bolada allergiya yoki ichak bilan bog‘liq muammolar sezilsa, uning iste'moliga darhol chek qo‘ying.

Mavzuga oid