«Tribuna» Angliya chempionatining 15-turi yakunlarini sarhisob qiladi.

«De XeA» NOMLI PARADOKS

«Emirayts»da kechgan turning markaziy uchrashuvida mehmonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. O‘yinda ikki gol muallifi bo‘lgan Jyessi Lingard yoki ikki marta sheriklariga golli pas uzatgan Pol Pogba emas, «MYu» darvozaboni Devid De Xea barchaning diqqat markazida bo‘lganidan, o‘yinning qanday o‘tganini bilish mumkin ekan.

Qo‘shimcha statistikalar. «Arsenal» uchrashuv davomida jami bo‘lib, 33 marta raqib darvozasiga zarba yo‘llagan. De Xea 14 marta raqiblarning aniq zarbalarini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan – bu APL uchun rekord natijadir. Shuningdek, ikki marta Eshli Yangning darvozabonga aylanganini, ikki marta «to‘pchilar»ning zarbasi darvoza to‘siniga tekkanini e'tiborga olsak, «Arsenal» bittadan ko‘proq gol urishga haqliroq bo‘lganini e'tirof etish mumkin.

Shuningdek, o‘yinning xG jadvaliga e'tibor qaratish mumkin.

O‘yinda sodir bo‘lgan vaziyatlarning xavflilik darajasiga qarab, har bir vaziyat o‘z koeffisentiga ega bo‘ladi. Bu hisob-kitobga qaraganda, «Arsenal» 4.6-1.9 hisobida ustunlik qilgan. Ushbu mavsum davomida bir jamoaning bu qadar ustunligi ko‘p kuzatilmagandi. Faqat «Manchester Siti» – «Kristal Palas», «Arsenal» – «Everton», «Arsenal» – «Haddersfild» va «Liverpul» – «Arsenal» o‘yinlarida sodir bo‘lgan. Bu o‘yinlarda 5:0, 5:2, 5:0, 4:0 hisoblari qayd etilganini hisobga olsak, londonliklarga bu safar qanchalik omad kulib boqmaganini ko‘rish mumkin.

Albatta, «Manchester Yunayted»ning xizmatlarini ham yerga urmaslik lozim – ular o‘yin boshida mezbonlar xatolaridan unumli foydalanishdi, uchta gol urishdi. O‘yinning butun qismida balki hisobda oldinda borishmaganda, «Arsenal»ga bu qadar ustunlikni taqdim etmasliklari aniq edi. Buni hisob qisqarganida mezbonlarning vaziyatlari sezilarli kamaygani va «Yunayted» uchinchi golni urguncha, yana vaziyatlar yarata boshlagani bilan asoslash mumkin.   

«SITY-TIME»

«Yunayted» o‘yinning so‘nggi daqiqalari tufayli Yevropaning eng nufuzli turnirini yutib olgan bo‘lishi mumkin, ammo ularning qo‘shnilari uchun ham bu daqiqalar juda qadrlidir. Zero «Manchester Siti»ning APLdagi ilk chempionligi ham aynan so‘nggi daqiqalarda sodir bo‘lgan.