«Tribuna» Ispaniya chempionatining 14-turi yakunlarini sarhisob qiladi. Ushbu tur turnir jadvali yetakchilari uchun omadsiz keldi, avvaliga «Barselona», ko‘p o‘tmay «Real» ochko yo‘qotdi, keyingi kuni esa «Valensiya» mavsumdagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Kuchli to‘rtlikdan faqat «Atletiko» g‘alabaga erishdi.

«Selta» bilan durang va Umtitining 2 oyga yo‘qotilishi

BARSeLONA – SeLTA 2:2
Gollar: 0:1 – 20 Aspas, 1:1 – 22 Messi, 2:1 – 62 Suares, 2:2 – 70 Maksi Gomes.
Barselona – ter Stegen, Serdji Roberto, Pike, Umtiti (Vermalen, 72), Alba, Buskets, Rakitich (Pako Alkaser, 79), Inesta (Denis Suares, 53), Paulino, Messi, Suares.
Selta – Blanko, Vass, Gomes (Kabral, 4), Fontas, Malo, Brais Mendes (Ronkalya, 63), Lobotka, Xosabed (Ernandes, 84), Sisto, Aspas, Maksi Gomes.
Ogohlantirishlar: Suares (1), Ronkalya (74), Xosabed (81), Vermalen (83), Blanko (86), Vass (87), Sisto (88), Malo (90), Pike (90).

Murabbiy vazifasi

«Barselona»da Luis Enrikega yordamchilik qilgan Xuan Karlos Unsue u ketgach, jamoa bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod bo‘lgandi. Ammo Neymar bilan nizo tufayli uning katalonlar jamoasi murabbiyligi bo‘yicha istiqboliga to‘siq bo‘ldi. «Barselona» rahbariyati tavakkal qilishni istamadi va Ernesto Valverde nomzodida to‘xtaldi. Yakunda «Kamp Nou» ham Neymarsiz, ham Unsuesiz qoldi, birinchisi Parijga yo‘l oldi, ikkinchisi «Selta»ni boshqara boshladi. Vigoda uning ishlari yurishdi, deyish qiyin, ammo jamoa o‘rtamiyonalar qatorida muqim o‘rin egallagan. Shanba kungi «Barselona»ga qarshi o‘yin uning Kataloniya poytaxtidagi stadionga ilk qaytishi bo‘ldi. U jamoasining omadsiz seriyasini yakunlashi talab etilardi, «Kamp Nou»dagi oxirgi o‘yinlarda «Selta» 1:6 va 0:5 hisoblarida yutqazgandi.

Valverdedan alohida ish talab etilmasdi, u Ispaniyadagi murabbiylik faoliyati davomida «Selta»ga qarshi 13 uchrashuv o‘tkazgan va biron marta yutqazmagan (10 g‘alaba va 3 durang). Ko‘k-anorranglilar jamoasi bosh murabbiyi «Valensiya»ga qarshi o‘yindagi omadsizlikdan keyin (Messining goli hisobga olinmagani tufayli ochko yo‘qotilgandi - 1:1) futbolchilarni g‘alabaga tayyorlash talab etilardi. Bu tur arafasida «Valensiya» bilan oradagi farq 4 ochko, «Atletiko» va «Real» bilan farq 8 ochkoni tashkil etayotgandi.