12:16 / 04.12.2017
13541

Turkmanistonda 2018 yilga Berdimuhamedov kitobining nomi berildi

Foto: Turkmaniston prezidenti matbuot xizmati

Turkmanistonda 2018 yil «Turkmaniston – Buyuk Ipak yo‘li yuragi» shiori ostida o‘tadi, bu haqda prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etgan mamlakat hukumati yig‘ilishi davomida aytildi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Avvalroq, noyabrda Berdimuhamedov shu nomdagi - «Turkmaniston – Buyuk Ipak yo‘li yuragi» nomli kitobni taqdim etgandi.

Yuqorida ko‘rsatilgan Dastur loyihasi davlat rahbari tomonidan mamlakatda xalqaro arxeologik izlanishlarni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlarini bajarish, 2018 yilda «Turkmaniston – Buyuk Ipak yo‘li yuragi» shiori ostidagi tadbirlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqildi, deyiladi xabarda.

«Dastur bilan arxeologik, etnografik, tarixiy va adabiyot ma'lumotlari asosida qadimiy yo‘l bo‘yida joylashgan yodgorliklarni tadqiq qilish, milliy merosni o‘rganish bo‘yicha innovatsion tizimni yaratish, jamiyatning intellektual salohiyatini oshirish va zamonaviy fikrlovchi mutaxassislarni tayyorlash nazarda tutilgan. Shuningdek xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirish va xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish, taniqli olimlarni mamlakatdagi arxeologik qazilma ishlariga jalb etish mo‘ljallangan», - deya ta'kidlanadi matnda.

«Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov taqdim etilgan davlat dasturini tasdiqlab, bunday tadqiqotlar milliy ilm-fan rivoji va xalqimizning qadimiy tarixida yangi sahifalarni ochish muhim ekanini aytib o‘tdi. Davlat rahbari Turkmaniston tarixiy yodgorliklarini o‘rganishga tizimli yondashuv, ularni insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida muhofaza qilish muhimligini ham alohida ta'kidlab o‘tdi», - deya yakunlanadi xabar.

Top