Toshkentning “Poytaxt” biznes markazida Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Moliya vazirligi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida Fuqarolar uchun byudjyet (Xalq byudjyeti)ni tayyorlash va chop etish konsepsiyasi muhokama qilindi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda. 

O‘zbekiston Byudjyet kodeksiga muvofiq, ochiqlik va oshkoralik mazkur hujjat tamoyillaridan hisoblanadi. Bu esa, davlat byudjyetini tayyorlash, ko‘rib chiqish va qabul qilish tartiblari, tasdiqlangan byudjyet, davlat maqsadli jamg‘armalari faoliyatiga doir axborotlarning e'lon qilinishi va ularning jamiyat hamda OAV uchun ochiq va shaffofligini nazarda tutadi. 

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sattarovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda davlat boshqaruvi organlari va fuqarolarning o‘zaro hamkorligi mexanizmlari tubdan o‘zgargan. Yangi munosabatlar davlat boshqaruvi organlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi muloqot hukumatga bo‘lgan ishonch oshishida muhim vositadir. Ya'ni, fuqarolar bilan muloqotning yo‘lga qo‘yilishi byudjyet jarayoni samaradorligini oshiradi, byudjyeti tizimi, barcha darajalardagi byudjyetlar, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlari shakllantirilishi va ijro etilishi to‘g‘risida keng xabardor qilishni ta'minlaydi. 

Viktoriya Anoshkina

BMTTD loyihasi tadqiqotlari koordinatori Viktoriya Anoshkina o‘z taqdimotida xalqaro amaliyotda byudjyet ma'lumotlarining ochiqligi, shaffofligi, xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan fiskal shaffoflikni baholash xususida axborot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMTTD 2007 va 2013 yillarda O‘zbekiston davlat byudjyetini shakllantirish va qabul qilishda mamlakat hukumati bilan hamkorlik qilgan. 

Shu bilan birga, Xalqaro Valyuta jamg‘armasining “Byudjyet-soliq sohasida yetarli shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha kodeks”, Anoshkinaning bildirishicha, davlat moliya axborotlarini e'lon qilishning xalqaro me'yori hisoblanadi. Bundan tashqari, “Byudjyet-soliq sohasida shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha qo‘llanma”, “XVJning davlat moliyaviy statistikasi bo‘yicha qo‘llanmasi” kabilar fiskal shaffoflik bo‘yicha xalqaro me'yoriy hujjatlardir. Shuningdek, BMT tomonidan ham fiskal shaffoflik konsepsiyasi keng qo‘llaniladi. Tashkilot 2012 yili shu masala bo‘yicha “Shaffoflikka nisbatan yuqori daraja prinsiplari” konsepsiyasini qabul qilingan. 

Umuman, Anoshkinaning ma'lum qilishicha, fiskal shaffoflikni baholash amaliyoti XVJ kodeksi asosida hukumat so‘rovi bo‘yicha o‘tkaziladi hamda shu asosda tavsiyalar beradi. Uning aytishicha, 2014 yili O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda davlat xarajatlari va moliyaviy hisoboti tayyorlangan, biroq hukumat Byudjyet kodeksini qabul qilayotganini bildirgani sababli, e'lon qilinmay qolgan edi.