10:50 / 05.12.2017
14801

9 oyda O‘zbekiston YaIM 41 mlrd dollarga teng bo‘ldi

O‘zbekistonda joriy yilning 9 oyi mobaynida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi 5,3 foiz atrofida bo‘ldi. Yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi 40-41 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Botir Ergashev ma'lum qildi. 

29 noyabr kuni Xalqaro Press-klubda «Iqtisodiyotni liberallashtirish: iqtisodiy o‘sish va inflyatsiya jarayoni» mavzusida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat statistika qo‘mitasi, Bank-moliya akademiyasi, ekspertlar, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishdi. 

Sessiyada qatnashgan Davlat statistika qo‘mitasi vakilining ma'lum qilishicha, o‘tgan 9 oylik YaIM ko‘rsatkichi so‘mda ifodalanganda 170 trln so‘mdan iborat bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda viloyatlar kesimida eng katta YaIM Navoiy v Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. 

Bundan tashqari 2017 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida import o‘rniga eksport ustunlik qilmoqda. Sessiyada, shuningdek, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilayotgan investitsiyalar miqdoriga ham oydinlik kiritildi. Xususan, 9 oylik yakun bo‘yicha o‘zlashtirilgan investitsiyalar miqdori 7,9 trln so‘mni tashkil qiladi. Umumiy o‘zlashtirilgan mablag‘ mazkur investitsiyalarning salkam 20 foizidan iborat. 

Jahon banki va Davlat statistika qo‘mitasining bu boradagi ma'lumotlarida ziddiyatlar mavjudligini izohlagan mutaxassis, Jahon bankidagi ma'lumotlar asosan kiritilayotgan investitsiyalar miqdorini ko‘rsatishini, kiritilayotgan investitsiyalar esa, o‘zlashtirilgan investitsiyalarni anglatmasligini bildirdi. 

Top